08:59 / 15.11.2025
2 376

Misr terma jamoasi ustozi kechagi mag‘lubiyat haqida nimalar dedi?

Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Hossam Hassan kechagi mag‘lubiyat ortidan o‘z fikrlarini bayon etdi va jamoaning qaysi jihatlarda qiynalgani, qanday xulosalar chiqarishi kerakligi haqida ochiq gapirdi. Uning ta’kidlashicha, mag‘lubiyat futbolning bir qismi, ammo undan keyingi to‘g‘ri qadamlar ham katta ahamiyatga ega.

Hassan o‘yin haqida shunday dedi:

«Biz maydonga g‘alaba uchun tushdik, lekin bu safar omad biz tomonda bo‘lmadi. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. Eng muhimi — xulosa chiqarish. O‘zbekiston kuchli jamoa, Osiyoda o‘z o‘rniga ega. Ularga qarshi o‘ynash bo‘sh ish emas».

Murabbiy aytishicha, Misr jamoasi tarkibi to‘liq emasdi va bu ham natijaga ta’sir qilgan:

«Bugungi bahsda 10 nafar asosiy o‘yinchimizni ishga sola olmadik. Deyarli butun asosiy tarkib maydonga tushmadi. O‘zbekistonga qarshi Marvan Usmon, Mahmud Sobir, Zalaka kabi yangi o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazdim — ular bu bosimni his qilib, katta o‘yin muhitiga ko‘niksin deb».

Hossam Hassan shu bilan birga ikkinchi bo‘limda jamoasining ko‘rsatgan o‘yinidan mamnun ekanini ham bildirib o‘tdi:

«Ikkinchi bo‘limda jamoam yaxshi harakat qildi. Men ularga Afrika Millatlar Kubogida g‘olib bo‘lish uchun raqiblarga qarshi hech shubhasiz kuchli o‘yin ko‘rsatish kerakligini ta’kidladim. Birinchi bo‘limda esa individual xatolar va himoyadagi tushunarsiz harakatlar sabab ikki gol o‘tkazdik. Ammo ikkinchi bo‘limda biz ancha yaxshiroq ko‘rindik».

Hassanning fikrlaridan anglashiladiki, Misr termasi ushbu mag‘lubiyatni jiddiy tahlil qiladi va asosiy tarkibni tiklagan holda Afrika Millatlar Kubogiga maksimal tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilgan. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Kabo-Verdega qarshi o‘yin esa jamoa uchun o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etadi.


Misr Jamoasi, Hossam Hassan, Afrika Kubogi, Futbol Mag‘lubiyati, O‘zbekiston Jamoasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing