23:47 / 16.12.2025
1 720

Toshkentga kirish o‘zgaradi: mashinani postda qoldirish taklifi

Toshkent shahriga kelayotgan mehmonlar uchun yangi qulayliklar joriy etiladi. Endi poytaxtga kirishda avtomashinani shahar tashqarisidagi maxsus turargohlarda qoldirib, markazga jamoat transporti orqali kirish imkoni yaratiladi. Bu haqda 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Ma’lumki, dekabr oyi boshida poytaxtda transport tizimini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan alohida qaror qabul qilingan. Unga muvofiq, Toshkentda transport harakatini yagona yondashuv asosida boshqaradigan maxsus markaz ish boshlaydi. U har bir ko‘cha va chorrahadagi transport hamda piyodalar oqimini sun’iy intellekt orqali tahlil qilib, tirbandlik va YTHlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Kelgusi yilda poytaxtga kirishdagi ikki nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chirilib, yana uchtasi qayta quriladi. Ushbu hududlarda minglab yengil va yuk avtomobillari uchun turargohlar, shuningdek, aholi uchun dam olish maskanlari barpo etiladi. Bu nuqtalar jamoat transporti tarmog‘i bilan bog‘lanadi.

Shu bilan birga, shaharda “aqlli” chorrahalar soni oshirilib, yangi bekatlar, piyoda va veloyo‘laklar quriladi, yo‘l infratuzilmasi yangilanadi hamda elektrobuslar xarid qilinishi rejalashtirilgan. Yangi choralar Toshkentda harakatni yengillashtirib, shahar muhitini yanada qulay qilishga qaratilgan.


Toshkent shahri, Jamoat transporti, Transport tizimi, Sun’iy intellekt, Yo‘l infratuzilmasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing