17 soatlik otishma: Braziliya tarixidagi eng qonli politsiya reydi

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida politsiya tomonidan o‘tkazilgan yirik reyd og‘ir oqibatlarga olib keldi. 28 oktyabr kuni Penya va Alemao hududlarida bo‘lib o‘tgan amaliyot davomida kamida 121 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida bir necha nafar politsiya xodimlari ham bor.
Politsiya reydni jinoiy guruh rahbarlarini qo‘lga olish maqsadida boshlagan. Biroq amaliyot boshlanishidan oldin bu haqdagi ma’lumot tarqalib ketgani aytilmoqda. Shu sababli qurollangan shaxslar qarshilik ko‘rsatgan va uzoq davom etgan otishmalar yuz bergan.
Reyd vaqtida hududda hayot deyarli to‘xtab qoldi. Maktablar yopildi, transport harakati cheklab qo‘yildi, odamlar uylarida yashirinishga majbur bo‘ldi. Ayrim joylarda mashinalar yoqib yuborildi va ko‘chalarda o‘q izlari paydo bo‘ldi.
Hukumat bu reydni muvaffaqiyatli deb baholamoqda. Biroq huquq himoyachilari va mahalliy aholi qurbonlar soni juda ko‘p bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ular voqea yuzasidan ochiq va adolatli tekshiruv o‘tkazilishini talab qilmoqda.