
Kecha, 16-noyabr kuni Los-Anjelesda mashhur Gollivud aktyori o‘z faoliyati davomida birinchi marta faxriy “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi, deb xabar berdi “Variety”.
Ma’lum qilinishicha, bu mukofot asosiy “Oskar” marosimidan alohida o‘tkaziladigan “Governor Awards” tadbiri doirasida topshirilgan. Qariyb 40-yillik kinokarerasi mobaynida Kruz to‘rt marta “Oskar”ga nomzod bo‘lgan — ammo haligacha g‘oliblik unga nasib etmagan edi.
Kruz o‘z vaqtida “To‘rtinchi iyulda tug‘ilgan” va “Jerri Maguayr” filmlari uchun “Eng yaxshi erkak roli”, “Magnoliya” filmi uchun “Eng yaxshi ikkinchi plandagi erkak roli”, shuningdek, “Top Gan: Maverik” kartinasi uchun prodyuser sifatida nominatsiyaga qo‘yilganda ham g‘olib bo‘lmagan.
Faxriy “Oskar” kino olamidagi eng nufuzli, tarixiy ahamiyatga ega mukofotlardan biri hisoblanadi. Unga ega bo‘lganlar orasida Charli Chaplin, Judi Garland, Federiko Fellini, Frensis Ford Koppola, Spayk Li kabi buyuk shaxslar bor. Endi ushbu ro‘yxatga Tom Kruz ham qo‘shildi. Gollivud muxlislari uni pandemiyadan keyin kinoprokatni qayta jonlantirishdagi ulkan hissasi uchun “kinoni qutqargan inson” deb atashadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, Tom Kruz 1962-yil 3-iyulda AQSHda tug‘ilgan. Uning kinodagi yo‘li 1981-yilda boshlangan. Kruz bir necha bor “Oltin Globus” sohibi bo‘lgan, shuningdek, 570 million dollardan ortiq boylikka ega, dunyodagi eng ko‘p daromad topuvchi aktyorlardan biri hisoblanadi.
Tom Kruz ishtirok etgan filmlar Shimoliy Amerikada 4 milliard dollardan ortiq, jahon bo‘yicha esa 10,1 milliard dollar daromad keltirgan. Bu ko‘rsatkich uni kino tarixidagi eng katta boks-ofis qahramonlaridan biriga aylantiradi.
Kruz nafaqat rollari, balki “Uddalab bo‘lmas topshiriq” seriyasidagi xavfli tryuklar, shiddatli kaskadyorlik harakatlari va Stenli Kubrik, Pol Tomas Anderson kabi mashhur rejissyorlar bilan hamkorlik qilgani bilan ham tomoshabinlar qalbidan o‘rin olgan.