12:00 / 19.12.2025
3 179

19 dekabr: O‘zbekistonda sovuq, tuman va muzlama kuzatiladi

19 dekabr kuni Toshkent shahrida kunduzgi havo harorati 1–3 daraja iliq atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda kun davomida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Biroq kechki soatlarga borib harorat pasayib, havo –2 darajagacha soviydi.

Ertalabgi paytda ayrim hududlarda yengil qor yog‘ishi va tuman tushishi mumkin. Shu sababli yo‘llarda muzlamalar paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Haydovchilar va piyodalardan ehtiyotkorlik talab etiladi.

Markaziy viloyatlar hamda Farg‘ona vodiysida kunduzi havo 0–5 daraja iliq bo‘ladi. Kechasi esa harorat 5 darajagacha sovib, qishki sovuq yanada seziladi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida nisbatan iliq havo saqlanadi. Kunduzgi harorat 4–9 darajagacha ko‘tarilishi mumkin, ammo kechqurun yomg‘ir va qor yog‘ishi ehtimoli mavjud.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda havo yanada sovuq bo‘ladi. Kunduzi harorat –2 darajadan 3 daraja iliqqacha, kechasi esa –9…–14 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Ustyurt platosida esa tungi sovuq –18 darajagacha yetishi mumkin.

Tog‘li hududlarda kunduzi havo –3…2 daraja atrofida bo‘lsa, kechasi –7 darajagacha soviydi. Shuningdek, tog‘larda qor ko‘chishi xavfi saqlanib qolmoqda va vaqt-vaqti bilan qor yog‘ishi mumkin.

Butun respublika bo‘ylab ayrim joylarda tuman va muzlamalar sabab yo‘llarda ko‘rinish yomonlashishi mumkin. Shu bois, yo‘lga chiqishda ob-havo sharoitlarini inobatga olish va ehtiyotkorlikni oshirish tavsiya etiladi.


Toshkent shahri, Qashqadaryo viloyati, Sovuq havo, Yog‘ingarchilik ehtimoli, Tog‘li hududlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing