14:48 / 19.12.2025
1 643

Saudiya Pro-ligada qator yulduzlar transfer qiymati pasaydi

Transfermarkt portali Saudiya Arabistoni Pro-ligasida to‘p surayotgan futbolchilarning yangilangan bozor qiymatlarini e’lon qildi. Navbatdagi baholash natijalariga ko‘ra, chempionatdagi bir qator mashhur futbolchilarning transfer narxlarida sezilarli pasayish qayd etildi.

Yangilangan ro‘yxatga asosan, jami besh nafar futbolchining qiymati tushgan. Ular orasida Yevropa futbolidan yaxshi tanish bo‘lgan hujumchilar va universal ijrochilar ham bor. Xususan, «Al Qodisiya» safida o‘ynayotgan Mateo Retegi 40 million yevroga baholanib, avvalgi ko‘rsatkichidan 5 million yevroga arzonladi.

«Al Hilol» hujumchisi Darvin Nunes esa eng katta pasayishni boshdan kechirdi. Uning transfer qiymati 10 million yevroga kamayib, hozirda 35 million yevroni tashkil etmoqda. Shu jamoa himoyachisi Teo Ernandes ham 7 million yevroga arzonlab, 28 million yevro bilan baholandi.

«Al Ittihod» vingeri Mussa Diabining narxi 2 million yevroga pasayib, 28 million yevroni tashkil etdi. «Al Ahli» futbolchisi Enso Miyo ham xuddi shu qatordan joy oldi — u 7 million yevroga arzonlab, 28 million yevro bilan baholanmoqda.

Shu bilan birga, «An-Nasr» klubi forvardi Krishtianu Ronalduning transfer qiymati o‘zgarishsiz qoldi. 40 yoshli portugaliyalik yulduz hozirda 12 million yevro deb baholanmoqda va Saudiya Pro-ligasidagi eng qimmat futbolchilar ro‘yxatida 23-o‘rinni egallab turibdi.

Mutaxassislar fikricha, ayrim futbolchilarning yoshi, liga xususiyatlari va umumiy bozor dinamikasi bu pasayishlarga ta’sir ko‘rsatgan. Shunga qaramay, Saudiya Pro-ligasi hamon jahon futbolida katta e’tibor markazida qolmoqda.


Saudiya Arabistoni, Pro-ligasi, Transfer narxlari, Futbolchilar qiymati, Jahon futboli
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing