Yo‘lovchi harakati sabab metro poyezdi eshiklari ishdan chiqdi

Toshkent metrosida yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid solgan holat qayd etildi. 16 dekabr kuni “Mustaqillik maydoni” bekatidan “Paxtakor” tomon harakatlanishi kerak bo‘lgan poyezdda yo‘lovchilardan biri vagon eshiklari yopilayotgan paytda kuch bilan ochishga uringan.
Oqibatda eshikni himoya qiluvchi mexanizm ishdan chiqqan. Mashinist muammoni joyida bartaraf etgan bo‘lsa-da, nosozlik qisqa fursat ichida yana takrorlangan. Shundan so‘ng xavfsizlik qoidalariga muvofiq, yo‘lovchilar bekatga tushirilib, poyezd elektrodepoga yuborilgan.
“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati yo‘lovchilarni metro qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bunday bee’tibor harakatlar nafaqat mulkka zarar, balki inson hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
Toshkent metropoliteni, Yo‘lovchilar xavfsizligi, Metro qoidalari, Poyezd nosozligi, Inson hayoti