18:30 / 17.12.2025
1 542

Yangi yil arafasida Samarqandda markaziy yo‘llar vaqtincha yopiladi

Yangi yil bayramlariga tayyorgarlik munosabati bilan Samarqand shahrida bir qator markaziy ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu cheklovlar 20 dekabrdan boshlab 10 yanvarga qadar amal qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan hududlarda xavfsizlikni ta’minlash va aholi uchun qulay muhit yaratish maqsadida ayrim yo‘nalishlar avtomobillar harakati uchun yopiladi. Jumladan, Amir Temur maydonidan Hamid Olimjon nomidagi teatr tomon olib boruvchi yo‘l, shuningdek, Ko‘ksaroy maydoni atrofidagi ko‘chalarda harakat cheklanadi.

Bundan tashqari, Beruniy ko‘chasining ma’lum qismi hamda temir yo‘l vokzaliga olib boruvchi yo‘llar ham vaqtincha yopiq bo‘ladi. Shu bilan birga, Umid ko‘chasi, “Yoshlar” bog‘i va “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tomon yo‘nalgan avtoyo‘llarda ham transport vositalarining harakatiga ruxsat berilmaydi.

Mas’ul idoralar shahar aholisi va mehmonlaridan ushbu davrda oldindan harakat yo‘nalishlarini rejalashtirishni, muqobil yo‘llardan foydalanishni hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.

Qayd etilishicha, mazkur cheklovlar bayram kunlarida shaharda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, aholining Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olishi uchun xizmat qiladi.


Yangi yil, Samarqand shahri, Yo‘l harakati, Bayram tadbirlari, Jamoat tartibi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing