11:51 / 17.12.2025
3 037

Uzum Bank Visa tomonidan beshta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi yetakchi raqamli banklardan biri — Uzum Bank xalqaro to‘lov tizimi Visa tomonidan bir yo‘la beshta nufuzli mukofot bilan taqdirlandi. Ushbu e’tirof bankning kartochka biznesini jadal rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va mijozlar bilan samarali aloqa o‘rnatish sohasidagi yuqori natijalari bilan bog‘liq.

Visa mutaxassislari har yili hamkor banklar faoliyatini naqd pulsiz to‘lovlar ulushi, xavfsizlik darajasi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati kabi muhim mezonlar asosida baholaydi. 2025 yil natijalariga ko‘ra, Uzum Bank kartalar emissiyasida misli ko‘rilmagan o‘sishni qayd etdi: bugungi kunda 3,7 milliondan ortiq o‘zbekistonlik Uzum tomonidan chiqarilgan Visa kartalaridan foydalanmoqda.

Bank, shuningdek, raqamli muloqotlar sohasida yetakchilik, Visa Direct xizmati orqali tezkor pul o‘tkazmalarini samarali yo‘lga qo‘ygani hamda xavfsizlik bo‘yicha ilg‘or yechimlar — Visa Token Services va 3D-autentifikatsiya tizimlarini muvaffaqiyatli joriy etgani uchun ham alohida mukofotlarga loyiq ko‘rildi.

Uzum Bank boshqaruvi raisi Svetlana Xe ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda fintex sohasi barqaror sur’atlarda rivojlanmoqda, raqamli banklar esa moliyaviy xizmatlar bozorida asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanyapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli yechimlarning kengayishi to‘lov infratuzilmasini mustahkamlab, naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

— Visa hamkorlarimizga jamoamiz mehnatini yuqori baholaganliklari uchun minnatdormiz. Biz bugun yanada katta o‘sish va innovatsiyalar uchun mustahkam poydevor yaratyapmiz, — dedi bank rahbari.

Ayni paytda Uzum Bank mamlakatning eng tez rivojlanayotgan raqamli banklaridan biri sifatida O‘zbekistonning zamonaviy fintex sanoatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Uzum ekotizimi 20 milliondan ortiq foydalanuvchini qamrab olgan bo‘lib, bankning raqamli xizmatlari oddiy fuqarolardan tortib tadbirkorlargacha bo‘lgan keng auditoriyaning kundalik moliyaviy ehtiyojlarini tez, qulay va ishonchli hal etish imkonini berayotgani bilan ajralib turadi.


Uzum Bank, Visa tizimi, Raqamli texnologiyalar, Fintex sohasi, Naqd pulsiz to'lovlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing