Levandovski MLS yo‘lini tanlashi mumkin: «Chikago Fayr» harakatda

Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Robert Levandovskining kelajagi yana muhokamalar markaziga chiqdi. Ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, tajribali polyak futbolchisi 2026-yildan boshlab faoliyatini boshqa chempionatda davom ettirishi ehtimoli mavjud.
Jurnalist Nizaar Kinsellaning yozishicha, AQSHning MLS ligasida ishtirok etuvchi «Chikago Fayr» klubi 37 yoshli hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy qadam tashlagan. Manbaga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda o‘tgan va Levandovski Amerika chempionatiga ko‘chib o‘tish variantiga qarshi emas.
Qayd etilishicha, «Chikago Fayr» klubi moliyaviy jihatdan muammosiz harakat qilmoqda va futbolchining maosh bo‘yicha talablarini bajarishga tayyor. Bu esa muzokaralarning yanada oldinga siljishiga zamin yaratadi.
Avvalroq esa Robert Levandovskiga Saudiya Arabistoni chempionati jamoalari ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq hozircha MLS yo‘nalishi eng real variant sifatida ko‘rilmoqda.
Joriy mavsumda Levandovski «Barselona» safida 17 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urib, 2 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning tajribasi va gol sezgisi hali ham yuqori darajada ekani qayd etilmoqda.
Ma’lumot uchun, Robert Levandovskining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakuniga yetadi. Shu bois, yaqin oylarda uning kelajagi bo‘yicha qarorlar yanada aniq tus olishi kutilmoqda.
Robert Levandovski, Barselona klubi, Amerika chempionati, Saudiya Arabistoni, MLS ligasi