13:55 / 17.12.2025
1 333

98-«Oskar» short-listlari e’lon qilindi: musiqa va texnika oldinda

Amerika Kino san’ati va fanlari akademiyasi 98-«Oskar» mukofoti uchun 12 ta yo‘nalishdagi short-listlarni rasman e’lon qildi. Bu bosqich an’anaviy ravishda yilning eng kuchli loyihalarini saralab, asosiy nominatsiyalarga yo‘l ochib beradi.

AP nashrining ma’lum qilishicha, short-listlarda eng ko‘p tilga olingan ikki loyiha — Rayan Kugler suratga olgan Sinners filmi hamda Wicked: For Good myuzikli bo‘ldi. Ushbu asarlar bir vaqtning o‘zida bir necha texnik yo‘nalishlar va musiqa toifalarida qayd etilgani bilan ajralib turibdi.

Joriy yilgi short-listlar quyidagi toifalarni qamrab oldi: animatsion qisqa metraj, aktyorlar ishtirokidagi qisqa metraj, hujjatli to‘liq va qisqa metrajli filmlar, xalqaro kino, kasting, operatorlik mahorati, grim va soch turmagi, ovoz dizayni, vizual effektlar hamda musiqa yo‘nalishlari — original qo‘shiq va original saundtrek.

Ayniqsa, musiqa bo‘limida taniqli nomlar ko‘pligi bilan e’tiborni tortdi. Qayd etilishicha, short-listga kirgan qo‘shiq va saundtreklar orasida Nine Inch Nails, Mayli Sayrus, Ed Shiran kabi jahon yulduzlarining ishlari ham bor. Bu esa musiqa yo‘nalishida raqobat juda qizg‘in kechishidan darak beradi.

Keyingi bosqichda — 2026 yilning 12–16 yanvar kunlari nominatsiyalar uchun ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Rasmiy nominantlar esa 22 yanvar kuni e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 98-«Oskar» taqdirlash marosimi 2026 yil 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Marosimni mashhur komik va shoumen Konan O’Brayen olib borishi tasdiqlangan. Kino muxlislari uchun esa asosiy intriga endigina boshlanmoqda.


Oskar mukofoti, Amerika Akademiyasi, Musiqa yo‘nalishi, Animatsion filmlar, Konan O’Brayen
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing