22:43 / 16.12.2025
1 610

Toshkent birjasida aksiyalar faollashdi, indeks yana o‘sishga chiqdi

5–12 dekabr kunlari oralig‘ida Toshkent Respublika fond birjasida yuqori likvidli aksiyalar segmentida ijobiy kayfiyat hukm surdi. Hafta yakunlariga ko‘ra, bozordagi asosiy ko‘rsatkich — UCI indeksi 2,31 foizga oshdi, bu esa investorlar faolligi qayta tiklanayotganidan dalolat beradi.

Ushbu davrda eng katta o‘sish Garant Bank aksiyalarida qayd etildi — ularning qiymati bir hafta ichida 20,08 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, Trastbank aksiyalari 12,57 foiz, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) aksiyalari esa 5,42 foiz o‘sish ko‘rsatdi.

Biroq barcha kompaniyalar uchun hafta omadli o‘tmadi. “O‘zbektelekom” aksiyalari 12,97 foizga pasayib, ushbu haftada eng katta yo‘qotishni qayd etdi. Shuningdek, Biznes rivojlanish banki aksiyalari 10,23 foiz, “Hamkorbank” aksiyalari esa 4,21 foizga arzonlashdi.

Ayrim aksiyalar esa barqaror qoldi. Xususan, “Aloqabank” va “Dori-Darmon” aksiyalari hafta davomida o‘z qiymatini saqlab qoldi va o‘zgarishsiz qolgan kam sonli emitentlar qatoriga kirdi.

Savdo faolligi bo‘yicha O‘zRTXB yetakchilik qildi — bir hafta ichida 557 ta tranzaksiya amalga oshirildi. Keyingi o‘rinlarda Hamkorbank (436 ta tranzaksiya) va O‘zmetkombinat (362 ta tranzaksiya) qayd etildi.

Savdo hajmi bo‘yicha esa Hamkorbank birinchi o‘rinni egalladi — 785,71 million so‘m. Shuningdek, O‘zRTXB (391,54 mln so‘m) va “O‘zpromstroybank” (156,20 mln so‘m) eng yirik uchlikdan joy oldi.

Hafta davomida 16 ta yuqori likvidli aksiya qimmatlashdi, 2 tasi o‘zgarishsiz qoldi, 11 ta aksiya esa pasayish ko‘rsatdi. Asosiy savdo platformasida amalga oshirilgan operatsiyalarning umumiy hajmi 93,77 milliard so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tish joiz, bir hafta avval UCI indeksi 3,31 foizga pasaygan edi. Joriy haftadagi o‘sish esa bozorda ijobiy kayfiyat qaytib kelayotganini va investorlar ishonchi asta-sekin tiklanayotganini ko‘rsatmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing