22:20 / 16.12.2025
2 034

Jahon banki O‘zbekistonga $105 mln ajratadi

Jahon banki O‘zbekiston uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida $100 mln kredit va $5 mln grant ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘ FINGROW loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida biznes subyektlariga kredit olish va xususiy investitsiyalar jalb qilishda ko‘mak beriladi. Mazkur tashabbus “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan amalga oshiriladi.

Banklar, mikromoliya tashkilotlari va investorlar orqali kompaniya kredit kafolatlari taqdim etadi hamda biznesga kapital jalb qilishga yordam beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi mikro, kichik va o‘rta korxonalar (MKO‘K) mamlakatdagi barcha kompaniyalarning 90 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Bu sektorda band bo‘lganlar soni umumiy ishchi kuchining 75 foiziga teng, iqtisodiyotga qo‘shilgan ulushi esa YAIMning 55 foizini tashkil qiladi. Biroq ko‘plab kompaniyalar rivojlanish uchun yetarli mablag‘ga ega emas, ularning aksariyati hatto bank hisob raqamlariga ega emas, kreditlar esa faqat kichik bir qism bizneslar tomonidan olingan.

MKO‘K kreditlariga bo‘lgan umumiy ehtiyoj $13 mlrdni tashkil etsa-da, moliyaviy ta’minotdagi yetishmovchilik $6 mlrdga teng. Ayniqsa, ayollar tomonidan boshqariladigan kompaniyalar uchun moliyalashni qo‘lga kiritish qiyin.

Garchi ayollar mamlakatdagi kompaniyalarning uchdan bir qismiga egalik qilsalar-da, ularga berilgan kreditlar umumiy kreditlarning faqat 14 foizini tashkil etadi. Bunday kompaniyalarning har to‘rtinchisi uchun asosiy muammo mablag‘ga kirish imkoniyatining yo‘qligi hisoblanadi.

2023 yilga qadar ushbu moliyalashtirish orqali 7 mingga yaqin korxona, jumladan, 4,5 ming ayollar va yoshlar boshqaruvidagi kompaniyalar kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa taxminan 100 mingta yangi ish o‘rni yaratishga yordam beradi.

Shuningdek, 70 ta tez rivojlanayotgan kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy investitsiyalar va biznesni kengaytirish uchun qo‘llab-quvvatlash oladi. Umuman olganda, iqtisodiyotga qo‘shimcha $500 mln xususiy kapital jalb qilinishi rejalashtirilgan.


Jahon banki, O‘zbekiston iqtisodiyoti, Kichik biznes, Ayollar tadbirkorligi, Xususiy investitsiyalar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing