15:55 / 15.12.2025
1 587

Qo‘lbola pech sababli ayanchli hodisa yuz berdi

Xo‘jayli tumanida gazdan zaharlanish bilan bog‘liq og‘ir va ayanchli hodisa yuz berdi. 2025 yil 13 dekabr kuni tumanning “Samanko‘l” mahallasi, “Faxriylar” ko‘chasida joylashgan xonadonda uch kishi halok bo‘ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro A.J. ikki nafar nabirasi bilan ijarada yashab kelgan. Uyini isitish maqsadida u qo‘lbola isitish pechining mo‘risini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlab, pechni boshqa xonaga ko‘chirgan. Shundan so‘ng, ushbu pechni mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga noqonuniy ulagan.

Mazkur holat jiddiy oqibatlarga olib kelgan. Gaz yonishi jarayonida hosil bo‘lgan is gazi (tutun) xonadonga tarqalib, natijada fuqaro A.J. hamda uning nabiralari — 2011 yilda tug‘ilgan A.S. (8-sinf o‘quvchisi) va 2015 yilda tug‘ilgan A.Q. (4-sinf o‘quvchisi) hodisa joyida vafot etgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mas’ul shaxslarga nisbatan xizmat tekshiruvlari boshlangan.

Ma’lum qilinishicha, Xo‘jayli tumani hokimligi tomonidan marhumlar oilasiga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.


Xo‘jayli tumani, Gaz zaharlanishi, Ayanchli hodisa, Ijtimoiy yordam, Huquqni muhofaza
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing