17:12 / 15.12.2025
1 588

Dahshatli otishmadan so‘ng Avstraliyada qurol qonunlari kuchaytirildi

Sidneyning Bondi-Bich hududida bayram tadbiri vaqtida sodir bo‘lgan qurolli hujum butun mamlakatni larzaga soldi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ota va o‘g‘il tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida 15 nafar odam halok bo‘lgan, hujumchilardan biri voqea joyida o‘ldirilgan. Shu bilan qurbonlar soni 16 nafarga yetdi. Halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanizi bu voqeani juda og‘ir fojia deb atadi va hukumat qurolga oid qonunlarni yanada qat’iylashtirishga qaror qilganini bildirdi. Rejalarga qurol litsenziyalarining amal qilish muddatini cheklash va bir kishiga ruxsat etiladigan qurollar sonini kamaytirish kiradi. Hukumat bu choralar odamlar xavfsizligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.

Politsiya gumonlanuvchilardan biri bir necha yildan beri qonuniy qurol litsenziyasiga ega bo‘lganini ma’lum qildi. Shu sababli mavjud tartiblar yetarlimi, degan savollar paydo bo‘ldi. Hozirda hujum sabablari va voqea tafsilotlari to‘liq o‘rganilmoqda.

Hujumdan so‘ng Bondi-Bichda qurbonlar xotirasiga gullar qo‘yildi, hududda xavfsizlik kuchaytirildi. Hukumat va jamoatchilik bu kabi zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlab, jabrlangan oilalarga hamdardlik bildirdi.


Sidney shahri, Bondi-Bich, Qurolli hujum, Avstraliya hukumati, Entoni Albanizi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing