12:47 / 16.12.2025
10 289

Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib boyligi 600 milliard dollardan oshgan insonga aylandi

SpaceX asoschisi Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib boyligi 600 milliard dollardan oshgan insonga aylandi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu natija Maskni nafaqat eng boy inson, balki kelajakdagi ilk trillioner sifatida ham ko‘rsatmoqda.

Ma’lum qilinishicha, dekabr oyi o‘rtalarida SpaceX kompaniyasi bozorda $800 milliardga baholandi. Solishtirish uchun: avgust oyida kompaniya qiymati $400 milliard deb baholangan edi. Ya’ni, bir necha oy ichida SpaceX qiymati ikki baravarga oshdi. Forbes va Bloomberg nashrlari bu baholash SpaceX’ning 2026-yilga rejalashtirilgan IPO‘si oldidan amalga oshirilganini ta’kidlamoqda. Agar u amalga oshsa, bu tarixdagi eng yirik aksiyalar joylashtirishlaridan biri bo‘lishi mumkin.

SpaceX aksiyalarining taxminan 42 foiziga egalik qiluvchi Ilon Mask uchun bu katta moliyaviy sakrash bo‘ldi. Yangi baholash natijasida uning boyligi 168 milliard dollarga oshib, jami 677 milliard dollarga yetdi. Faqatgina SpaceX’dagi ulushining o‘zi $336 milliardga baholanmoqda.

Bundan tashqari, Mask Tesla kompaniyasining 12 foiz aksiyalariga egalik qiladi. Ushbu ulushning qiymati $197 milliard deb baholanmoqda. Shuningdek, unga tegishli xAI Holdings kompaniyasi, ya’ni Grok chat-botini ishlab chiqayotgan loyiha ham jadal o‘sishda bo‘lib, uning qiymati $230 milliardga yetgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing