Mariya Machado Venesueladan qanday qochib chiqdi va Osloga yetib bordi?

Venesuela muxolifati yetakchisi va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Korina Machado mamlakatni tark etib, payshanba kuni Oslo shahriga yetib bordi. Uning qochishi AQSH vakillari va Nikolas Maduro rejimining ayrim a’zolari ishtirokidagi maxfiy operatsiya yordamida amalga oshirildi.
Bu haqda Bloomberg, Guardian, New York Times va Wall Street Journal xabar berdi. Amerikalik rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra, 58 yoshli Machado o‘z yo‘lini seshanba kuni boshlagan.
U noqonuniy migratsiya uchun eng xavfli yo‘llardan birini tanlagan. Machado Karakasdan yashirincha, parik va grim yordamida chiqib ketgan va o‘n soatlik yo‘lni bosib o‘tib, mamlakat shimolidagi baliqchilar qishlog‘iga yetib borgan.
U yerda dengiz orqali Kurasao oroliga olib o‘tilgan. Kurasao orolidan Machado biznes djet samolyotida AQSHning Men shtatidagi Bangor shahriga uchib, so‘ngra Norvegiyaga yo‘l olgan.
U Karakasdan Osloga qadar taxminan 8 850 kilometr masofani bosib o‘tgan, bunda dengiz orqali safar va bir necha parvozlarni amalga oshirgan. Machadoning qochishi o‘nlab odamlarning yordami bilan amalga oshirilgan.
Ular uni yashirgan va Venesueladan chiqib ketishga sharoit yaratgan. Machado 2024 yildan buyon yer osti harakatida bo‘lib kelayotgandi.
Payshanba kuni erta tongda Machado Osloning markazidagi Grand Hotel mehmonxonasining balkonida ko‘rinish berdi. Uni tarafdorlari qarsaklar bilan kutib olishdi.
Nobel qo‘mitasi raisi bilan telefon orqali suhbatda Machado Venesueladan chiqib ketishi uchun jonini xavf ostiga qo‘yganlarga minnatdorchilik bildirdi.
Mariya Korina Machado, Venesuela muxolifati, Nobel mukofoti, Nikolas Maduro, Karakas shahri