16:09 / 17.11.2025
4 974

Pokrovsk atrofidagi og‘ir janglar yangi taktikani ochdi

Donesk viloyatidagi Pokrovsk shahri Rossiya qo‘shinlari tomonidan uzluksiz bosim ostida qolar ekan, bu maskan Ukraina qarshiligining yangi ramziga aylandi. Baxmut uchun bo‘lgan urushdagi kabi qattiq qarshilikka Rossiya qo‘shinlari oxirgi bor 2022–2023-yillarda duch kelgan edi. Pokrovsk uchun kurash esa 2024-yil oxiridan beri to‘xtayotgani yo‘q. 2025-yil noyabr oyiga kelib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy vaziyatning o‘ta murakkablashganini ochiq tan oldi va zarurat tug‘ilsa, Qo‘shinlar shaharni tashlab chiqishi mumkinligini aytishga majbur bo‘ldi.

Biroq bu jangda ham jiddiy farqlar bor. CNN xabar berishicha, Pokrovsk atrofida Rossiya o‘tgan ikki yil ichida yig‘ilgan tajribadan kelib chiqib, taktikani tubdan o‘zgartirdi. Asosiy o‘zgarish — uzoq masofada uchuvchi dronlar ommaviy joriy etilgani. Bu esa front chizig‘ining har ikki tomonida ham “o‘lim halqasi”ni kengaytirib, har qanday oldinga qadam tashlashni o‘ta xavfli va qariyb imkonsiz holga keltirdi.

Rossiya qo‘shinlari endi avvalgidek tank yoki zirhli texnika bilan hujum qilish o‘rniga mopedlar, kvadrosikllar va yengil baggilardan foydalanmoqda. Pokrovsk mudofaasida ishtirok etgan ukrain jangchilaridan biri aytishicha, shunday tez harakatlanuvchi kichik guruhlar bilan dastlabki uchrashuv “o‘ta g‘ayritabiiy” tuyulgan, biroq dronlar doimiy zarba berib turgan sharoitda bu usulning mantig‘i borligini tezda tushunishgan.

Shahar ichidagi eng og‘ir muammolardan biri — yaradorlarni evakuatsiya qilishning deyarli imkoni yo‘qligi. Ukrain shifokorlari ta’kidlashicha, avtomobillar Pokrovskka faqat 10–15 kilometrgacha yaqinlasha oladi, shuning o‘zi ham xavfli, chunki dronlar har daqiqada zarba berishga tayyor. “Agar biror askar o‘rtacha og‘ir jarohat olsa, u menga allaqachon o‘ttiz foiz og‘irroq holatda yetib keladi — agar umuman yetib kelsa”, deydi shifokor CNNga.

Baxmutdagi janglarda Rossiya tomonidan qo‘llanilgan “to‘lqinboz hujumlar” Ukrainada “go‘shtqiymalagich” deb atalgan edi. Biroq Pokrovskda bu amaliyot o‘zgargan. Ukrain askarlari CNNga ma’lum qilishicha, hujumchi guruhlar soni keskin qisqargan: endilikda ular besh-yetti kishidan emas, ko‘pi bilan uch nafardan iborat bo‘ladi. Shu bois ularni dron orqali aniq kuzatish ham qiyinlashgan. Jangchilar ta’kidlashicha, har bir uch kishilik guruhdan ikki nafari yo‘q qilinsa ham, uchinchisida vazifani oxiriga yetkazish — shaharga yorib kirib, mahkam joylashib olish maqsadi saqlanib qoladi. Ba’zan bir kunda yuzga yaqin bunday kichik guruh hujumga o‘tishi mumkin.

Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchisi Meyson Klarkning fikricha, Rossiya bu usulni o‘zining yangi strategiyasi sifatida qabul qilgan. Unga ko‘ra, Rossiya endi hujumning past sur’atda kechishiga qarshi emas — asosiy maqsad bosimni bir kun ham kamaytirmasdan, frontda doimiy charchoq holatini yaratish.

Pokrovsk atrofidagi vaziyat shundan dalolat beradiki, urushdagi yangi bosqich taktika emas, balki texnologiyalar va kichik manyovr guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvga aylanib bormoqda. Ukraina uchun esa asosiy muammo — kam resurs bilan uzluksiz zarbalarga bardosh berish.


Pokrovsk Shahri, Rossiya Qo'shinlari, Ukraina Mudofaasi, Dron Zarbalari, Urush Taktikasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing