12:38 / 15.11.2025
1 602

Sibir suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish loyihasi yangidan ko‘rib chiqilmoqda

Rossiya Fanlar akademiyasi yillar davomida to‘xtab qolgan ulkan g‘oyani qayta jonlantirmoqda — Ob daryosi oqimining bir qismini Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston tomonga yo‘naltirish imkoni yana bir bor ilmiy muhokama markaziga chiqdi. Bu haqda RBK ma’lum qildi.

Asosiy maqsad — qo‘shni mintaqalarda ortib borayotgan suv tanqisligi, cho‘llanish xavfi va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yumshatish. Sovuq urush yillarida taklif etilgan “Sibir daryolarini burish” loyihasi bugungi zamon sharoitiga moslashtirilgan holda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Endi ochiq kanallar emas, balki zamonaviy yopiq bosimli quvurlar tizimi orqali suv yetkazish imkoni muhokamada.

Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Rossiya Fanlar akademiyasining yer to‘g‘risidagi fanlar bo‘limi yig‘ilishida bu yo‘nalishdagi strategiya, xavf va imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi. Olimlar transchegaraviy suv taqsimoti, iqlim o‘zgarishi ta’siri va Markaziy Osiyo mamlakatlarining kelgusi rivojiga ta’sirini ham tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.

Suv muammolari instituti ilmiy direktori Viktor Danilov-Danilyan bu yo‘nalishda davlat grantlari orqali ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishni taklif etdi. Muhokamalarda ikkita asosiy ssenariy ilgari surildi:

1. Ob daryosi suvini Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasidagi Orol mintaqasiga yo‘naltirish;

2. Pechora va Shimoliy Dvina oqimlarini Volga havzasiga uzatish imkonini o‘rganish.

Tadqiqotchilarning fikricha, bunday keng ko‘lamli gidrotexnik yechimlar nafaqat Rossiya, balki Markaziy Osiyodagi suv balansiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Taqdim etilgan konsepsiyalardan biri — 2100 km uzunlikdagi yetti yo‘nalishli yopiq bosimli quvur qurilishi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi bosqichning o‘zi yiliga kamida 5,5 mlrd kub metr suv yetkazib berishi mumkin. Agar ehtiyoj ortadigan bo‘lsa, bu hajmni uch-to‘rt baravar ko‘paytirish imkoni bor. Shunga qaramay, “Poliplastik” kompaniyasi bunday yirik loyihalarning tashabbuskori emasligini va ularning takliflari ilmiy xarakterga ega ekanini ma’lum qildi.

Akademik Robert Nigmatulin Markaziy Osiyodagi suv va energiya tanqisligi jadal kuchayib borayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Ob daryosi oqimining hatto ozgina qismi ham (yiliga 20–70 kub km) minganiga ko‘mak berishi, shu bilan birga Arktikaga issiqlik yukini kamaytirishi mumkin.

Biroq loyihaning o‘ta qimmatligi jiddiy muammo bo‘lib turibdi. “IES Injiniring va Konsalting” kompaniyasi hisoblariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish kamida 100 milliard dollar talab qiladi, qurilish muddati esa o‘n yildan kam bo‘lmaydi. Misol sifatida Liviyadagi Buyuk sun’iy daryo va Kaliforniya akveduklari keltirildi.

Eslatib o‘tamiz, SSSR davrida ham Sibir suvlarini Markaziy Osiyoga yo‘naltirish loyihasi 20-yil muhokama qilingan, ammo 1986-yilda iqtisodiy samaradorlik past deb topilib, rasman to‘xtatilgan edi.

Hozir esa global iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining qisqarishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik tanglik sabab bu g‘oya yana kun tartibiga qaytdi. Olimlar esa loyihani amaliy yoki amaliy emasligi borasida aniq ilmiy xulosa berish uchun keng ko‘lamli tadqiqotlar zarurligini ta’kidlashmoqda.


Rossiya Fanlar, Markaziy Osiyo, Suv Tanqisligi, Iqlim O‘zgarishi, Orol Mintaqasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing