EA xususiylashadi: 55 milliard dollarlik bitim tasdiqlandi

Saudiya Arabistonidan kelgan sarmoyadorlar konsorsiumi va AQSHning yirik xususiy investitsiya fondlari dunyoga mashhur videoo‘yinlar nashriyotchisi — Electronic Arts (EA)'ni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Bloomberg nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, investorlar orasida AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi — Jared Kushner ham mavjud. Bitim kompaniya aksiyadorlari tomonidan ma’qullangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 55 milliard dollarga baholanmoqda. Bu so‘nggi yillardagi eng yirik texnologik kelishuvlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Bloomberg ta’kidlashicha, EA'ning xususiylashtirilishi kompaniya uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan, ishlab chiquvchilar endi har chorakda davlat bozorlari oldida hisob berish majburiyatidan xalos bo‘lib, asosiy e’tiborni o‘yin sifati, ijodiy erkinlik va uzoq muddatli loyihalarga qaratishi mumkin bo‘ladi.
1982 yilda AQSHda tashkil etilgan Electronic Arts bugungi kunda dunyodagi eng yirik videoo‘yin nashriyotchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya FIFA / EA Sports FC, The Sims, Battlefield, Apex Legends kabi mashhur o‘yinlar seriyalari orqali millionlab muxlislarga ega.
Shuningdek, EA turli davrlarda Need for Speed, Command & Conquer, Strike kabi o‘yinlarni ham taqdim etgan. Kompaniya sport simulyatorlari, AAA-loyihalar va uzoq muddat qo‘llab-quvvatlanadigan onlayn xizmatlar sohasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mazkur bitim EA'ni yangi bosqichga olib chiqishi, kompaniya strategiyasi va bozordagi mavqeini yanada mustahkamlashi mumkin.
Saudiya Arabistoni, AQSH investitsiyalari, Electronic Arts, Texnologik kelishuv, Videoo‘yinlar nashriyotchisi