21:40 / 23.12.2025
2 142

«Barselona» himoyada muammo: qishda ijara varianti ko‘rib chiqilmoqda

Kataloniyaning mashhur «Barselona» klubi qishki transfer oynasi arafasida markaziy himoya chizig‘ini mustahkamlash ustida jiddiy ish boshladi. Bu haqda taniqli jurnalist va ishonchli insayder Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoq X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Manba qayd etishicha, «ko‘k-anorranglilar» ayni paytda ushbu pozitsiya uchun katta mablag‘ talab qiladigan shov-shuvli transferlarga kirishmoqchi emas. Klub rahbariyati moliyaviy barqarorlikni saqlab qolishni maqsad qilgan holda, ehtimoliy yechim sifatida himoyachini ijara asosida tarkibga qo‘shish variantini ko‘rib chiqyapti.

Bu qaror bejiz qabul qilinmagan. Avvalroq jamoaning asosiy himoyachilaridan biri Andreas Kristensen chap tizzasining oldingi xochsimon bog‘lamidan qisman jarohat olgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki tibbiy xulosalarga ko‘ra, datsiyalik futbolchi taxminan to‘rt oy davomida maydondan tashqarida qoladi. Bu esa jamoa murabbiylar shtabi uchun himoya markazida jiddiy muammolar yuzaga keltirdi.

Mavjud tarkibda variantlar cheklangani sababli, «Barselona» qisqa muddatli, lekin ishonchli yechim topishga harakat qilmoqda. Ijara orqali tajribali yoki yaxshi formadagi himoyachini jalb etish jamoaga mavsumning ikkinchi qismida barqarorlik bera olishi mumkin.

Shu bilan birga, sport natijalari jihatidan kataloniyaliklar hozircha yaxshi holatda. «Barselona» Ispaniya chempionatida 46 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab turibdi. Chempionlar ligasida esa jamoa 10 ochko bilan umumiy jadvalda 15-o‘rinni egallab turibdi va pley-off uchun kurashni davom ettiryapti.

Qishki transfer oynasida qabul qilinadigan qarorlar «Barselona»ning mavsum oxiridagi natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi aniq. Shu bois, muxlislar himoya chizig‘ida qanday futbolchi paydo bo‘lishini katta qiziqish bilan kutib qolishmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing