17:46 / 23.12.2025
3 547

AQSH ixtiyoriy ketgan noqonuniy muhojirlarga pulli rag‘bat joriy etdi

AQSH ma’muriyati mamlakat hududini o‘z xohishi bilan tark etgan noqonuniy muhojirlar uchun beriladigan moliyaviy rag‘bat miqdorini sezilarli darajada oshirishga qaror qildi. Endi ixtiyoriy ravishda deportatsiya yo‘lini tanlagan xorijiy fuqarolar 3000 dollargacha mukofot olishi mumkin. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem rasman ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur dastur CBP Home mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Ushbu ilova orqali yil yakuniga qadar ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan muhojirlarga vataniga bepul aviachipta taqdim etiladi. Shu bilan birga, ularga 3000 dollar miqdorida bir martalik moliyaviy bonus ham beriladi.

Yana bir muhim jihat — CBP Home orqali ro‘yxatdan o‘tish oldin belgilab qo‘yilgan ma’muriy jarimalarni avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu esa ko‘plab muhojirlar uchun qonuniy oqibatlarsiz mamlakatni tark etish imkonini yaratadi.

Kristi Noemning ta’kidlashicha, 2025 yil yanvar oyidan buyon 1,9 million nafar noqonuniy muhojir AQSHni ixtiyoriy ravishda tark etgan. Shu davr mobaynida o‘n minglab shaxslar CBP Home dasturidan foydalangan. Yangi yil bayrami arafasida esa hukumat soliq to‘lovchilar manfaatini inobatga olgan holda rag‘bat summasini uch barobarga oshirishga qaror qildi. Biroq ushbu taklif faqat yil oxiriga qadar amal qiladi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir nafar noqonuniy migrantni aniqlash, hibsga olish va majburiy ravishda deportatsiya qilish davlat budjetiga o‘rtacha 17 ming dollarga tushadi. Shu boisdan ham «o‘z xohishi bilan ketish» mexanizmi iqtisodiy jihatdan ancha samarali va tejamkor yechim sifatida baholanmoqda.

Aytish joizki, mazkur yondashuv orqali AQSH ma’muriyati ham budjet xarajatlarini qisqartirish, ham migratsiya masalasida yumshoq, biroq mantiqiy siyosat olib borishni maqsad qilgan.


AQSH ma'muriyati, Noqonuniy muhojirlar, Moliyaviy rag'bat, CBP Home, Iqtisodiy samaradorlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing