17:47 / 23.12.2025
1 938

AQShdan o‘z xohishi bilan ketganlarga 3 000 dollar beriladi

AQSh hukumati noqonuniy migrantlarni mamlakatni o‘z ixtiyori bilan tark etishga undash maqsadida yangi rag‘batlantiruvchi chorani e’lon qildi. Unga ko‘ra, CBP Home mobil ilovasi orqali ixtiyoriy deportatsiyaga ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar 3 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ hamda vataniga bepul aviachipta bilan ta’minlanadi.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning ma’lum qilishicha, ushbu dasturdan foydalanish mamlakatni belgilangan muddatda tark etmaganlik uchun qo‘llanadigan fuqaroviy jarimalar va penyalarning bekor qilinishiga ham imkon beradi. Biroq taklif faqat yil oxirigacha amal qiladi.

Vazirning aytishicha, 2025-yil yanvaridan buyon 1,9 million noqonuniy migrant AQShni o‘z xohishi bilan tark etgan. O‘n minglab shaxslar aynan CBP Home dasturi orqali chiqib ketgan. Rojdestvo mavsumi munosabati bilan hukumat ixtiyoriy chiqish uchun beriladigan moliyaviy rag‘batni avvalgisiga nisbatan uch barobar oshirgan.

Kristi Noem noqonuniy migrantlarni ushbu imkoniyatdan foydalanishga chaqirib, aks holda qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda chiqib ketmagan shaxslar aniqlanadi, hibsga olinadi va kelajakda AQShga qaytish huquqidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin.


AQSh hukumati, Noqonuniy migrantlar, Ixtiyoriy deportatsiya, Kristi Noem, CBP Home
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing