11:03 / 14.12.2025
10 254

Xiaomi sun’iy intellektda yangi qadam tashladi: Mi Chat taqdimoti

Xitoyning texnologik giganti Xiaomi sun’iy intellektga asoslangan yangi Mi Chat assistentini ishlab chiqqanini e’lon qildi. Bu haqda ITHome nashri xabar tarqatdi. Yangi ishlanma kompaniyaning AI sohasidagi salohiyati jadal sur’atlarda rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.

Insayderlarning ma’lum qilishicha, Mi Chat assistenti zamonaviy LLM texnologiyasiga tayanadi va MiMo-7B-RL nomli til modeli asosida ishlaydi. Ushbu neyrotarmoq Xiaomi’ning firmaviy ekotizimiga chuqur integratsiya qilinib, kompaniyaning turli gadjetlari hamda servislarida qo‘llaniladi.

Manbalar Mi Chat’ni shunchaki navbatdagi virtual yordamchi emas, balki jiddiy raqobatchi sifatida baholamoqda. Hatto ayrim mutaxassislar uni shartli ravishda “ChatGPT’ga jiddiy raqib” deb atashmoqda. Ta’kidlanishicha, sinov jarayonlarida Mi Chat bir qator mashhur modellarni natijalar bo‘yicha ortda qoldirgan.

Yangi assistentning rasmiy taqdimoti Xiaomi 2025 Human Car Home Ecosystem Partner Conference anjumani doirasida o‘tkazilishi kutilmoqda. Ushbu tadbir 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda kompaniya o‘zining sun’iy intellekt, “aqlli uy”, transport va raqamli xizmatlar bo‘yicha yangi rejalarini ham taqdim etishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, Mi Chat Xiaomi’ning global AI bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlab, kelajakda kompaniya ekotizimining asosiy intellektual elementiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing