08:28 / 21.12.2025
2 954

“Real Madrid” nima uchun Abduqodir Husanovga qiziqmoqda?

Madridning "Real Madrid" klubi qishki transferlar oynasi arafasida tarkibni mustahkamlash ustida ish olib bormoqda. Ayniqsa, himoya chizig‘ida yuzaga kelgan muammolar «qirollik klubi»ni tezkor va ishonchli yechim izlashga undamoqda. Shu jarayonda madridliklar diqqatini "Manchester Siti" safida to‘p surayotgan markaziy himoyachi Abduqodir Husanov o‘ziga qaratdi. Bu haqda Fichajes.net nashri xabar bermoqda.

Manba ta’kidlashicha, «Real» himoyasida jarohatlar ko‘paygani sabab jamoada rotatsiya imkoniyatlari ancha cheklangan. Murabbiylar shtabi esa mavsumning hal qiluvchi qismi oldidan qisqa muddatda foyda berishi mumkin bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida ishonchli variant qidirmoqda. Ana shu nuqtayi nazardan Husanov nomzodi eng maqbul yechimlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekistonlik futbolchi jismoniy tayyorgarligi, havodagi yakkakurashlardagi ustunligi va zamonaviy markaziy himoyachiga xos harakatlari bilan mutaxassislar e’tiborini tortgan. Shuningdek, uning to‘p bilan ishlash qobiliyati, himoyada turli sxemalarga tez moslasha olishi «Real»ning o‘yin uslubiga mos kelishi qayd etilmoqda.

Transferning moliyaviy jihati ham muhim omil sifatida ko‘rsatilmoqda. «Qirollik klubi» hozircha katta mablag‘ sarflashni rejalashtirmayapti. Shu bois Husanovni to‘liq sotib olish emas, balki ijara asosida safiga qo‘shib olish varianti ustuvor hisoblanmoqda. Bu qaror «qaymoqranglilar»ga futbolchining imkoniyatlarini amalda sinab ko‘rish imkonini ham beradi.

Fichajes ma’lumotiga ko‘ra, "Manchester Siti" rahbariyati ham futbolchining vaqtincha boshqa jamoada o‘ynashiga keskin qarshi emas. Klub Husanovning muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini muhim deb hisoblab, ijara variantini mantiqiy yechim sifatida ko‘rmoqda.

Shu bilan birga, «Real Madrid» ushbu ehtimoliy kelishuvni strategik nuqtayi nazardan ham foydali, deb baholamoqda. Klub Osiyo bozoridagi ta’sirini kengaytirishga intilyapti va bu omil asosiy bo‘lmasa-da, qaror qabul qilishda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hozircha tomonlar o‘rtasidagi aloqalar dastlabki bosqichda. Yaqin haftalar ichida «Real Madrid» qishki transferlar oynasidagi rejalariga aniqlik kiritishi kutilmoqda.


Real Madrid, Manchester Siti, Abduqodir Husanov, Qishki transferlar, Markaziy himoyachi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing