Abduqodir Husanovning bugungi o‘yini necha ballga loyiq ko‘rildi?

Angliya Liga kubogining yarim final bosqichida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Brentford»ga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Uchrashuv o‘zbek futbol muxlislari uchun yana bir muhim jihati bilan yodda qoldi — hamyurtimiz Abduqodir Husanov bahsni asosiy tarkibda boshlab, 90 daqiqa davomida maydonda harakat qildi.
O‘yinning ilk daqiqalaridanoq «shaharliklar» ustunlikni qo‘lga oldi. Husanov himoya chizig‘ida ishonchli harakat qilib, raqibning xavfli hujumlarini bir necha bor bartaraf etdi. Biroq 16-daqiqada u jadal epizodlardan birida qoida buzgani uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
Shunga qaramay, o‘zbekistonlik himoyachi o‘yin davomida barqaror o‘yinini saqlab qoldi va jamoaviy harakatlarda faol ishtirok etdi. Uchrashuvdan keyin bir qator nufuzli sport portallari Abduqodir Husanovning harakatlarini yuqori baholadi.
Xususan, FotMob nashri futbolchimizga 7,8 ball qo‘ygan bo‘lsa, SofaScore portali uning o‘yinini 7,2 ball bilan baholadi. Flashscore sayti esa Husanovga 7,3 ball munosib ko‘rdi. Bu ko‘rsatkichlar yosh himoyachining katta o‘yinlarda o‘zini erkin tuta olayotganidan dalolat beradi.
Shu tariqa, «Manchester Siti» final yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. Abduqodir Husanov esa qisqa vaqt ichida jamoa ishonchini qozonib, o‘z o‘rniga ega bo‘layotganini amalda isbotlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, «shaharliklar» navbatdagi uchrashuvini 20 dekabr kuni Angliya Premer-ligasi doirasida «Vest Xem»ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start olishi rejalashtirilgan.
Angliya Liga, Manchester Siti, Abduqodir Husanov, O‘zbekistonlik himoyachi, Sport portallari