JCH-2026 chipta narxlari muxlislar noroziligini keskin kuchaytirdi

Futbol muxlislari assotsiatsiyasi (FSA) Yevropa muxlislari assotsiatsiyasi (FSE) bilan hamkorlikda 2026 yilgi Jahon chempionati chiptalarini sotishni vaqtincha to‘xtatish talabini ilgari surdi. Ular FIFA bilan chipta narxlari siyosati yuzasidan ochiq va adolatli muzokaralar olib borishni maqsad qilmoqda.
FSA o‘z bayonotida FSE tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Angliya Futbol Assotsiatsiyasini hamda boshqa milliy federatsiyalarni bu masalada faol pozitsiya egallashga chaqirdi. Assotsiatsiya fikricha, har bir milliy futbol tashkiloti eng avvalo o‘z muxlislarining manfaatini himoya qilishi shart, chunki futbol aynan muxlislar borligi sabab mavjud.
Ayniqsa, «muxlislar uchun foydali» deb belgilangan eng arzon chiptalar atrofidagi bahslar keskin tus oldi. FSA bu atamani o‘rtacha daromadga ega muxlislar uchun ochiqdan ochiq haqorat, deb baholadi. Ko‘plab ishqibozlar o‘zlarini aldangandek his qilayotganini, AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialga borish imkoniyatidan mahrum qolishlari mumkinligini bildirmoqda.
Muxlislar fikricha, Jahon chempionati butun dunyo futbol ishqibozlarini birlashtirishi lozim edi, ammo hozirgi vaziyatda u faqat katta mablag‘ga ega bo‘lganlar va elita qatlami uchun mo‘ljallangan tadbirga aylanib qolmoqda. FSA ta’kidlashicha, futbol tobora oddiy muxlis uchun yopiq bo‘lib bormoqda.
Ma’lumot uchun, JCH-2026 final uchrashuvi uchun eng arzon toifadagi chiptalar narxi 4185 AQSH dollaridan boshlanishi e’lon qilingan. Bu esa millionlab futbol muxlislari uchun mundialni jonli tomosha qilish orzusini deyarli amalga oshmas holga keltirmoqda.