Ja’far Irismetov terma jamoamizning Misr bilan o‘yini haqida gapirdi

BAAda o‘tayotgan “Al Ayn Kubogi”da milliy terma jamoamiz musobaqani juda kuchli raqib — Muhammad Saloh yetakchiligidagi Misrga qarshi bellashuv bilan boshladi va ayni paytda yodda qolarli o‘yin namoyish etdi. Kannavaro shogirdlari birinchi daqiqalardanoq raqibni qiyin ahvolda qoldirib, 2:0 hisobidagi munosib g‘alabaga erishib, finalga yo‘llanma oldi.
Bu bahsdagi eng katta qahramonlardan biri shubhasiz Oston O‘runov bo‘ldi. Uning ikki bor aniq tepgan zarbalari nafaqat o‘yin taqdirini hal qildi, balki muxlislarning kayfiyatini ham ko‘tardi. Ayniqsa, ovozsiz qoldirgan birinchi goli ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng tajribali mutaxassis — Ja’far Irismetov Sports.uz bilan suhbatlashib, o‘yin haqidagi fikrlarini bayon etdi.
Irismetovning aytishicha, birinchi taymdagi harakat sohada ustunlik kim tomonda ekanini aniq ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, terma jamoamiz bugun istalgan raqibga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata oladigan darajada shakllanayotgani sezildi. Ikkinchi bo‘limda hujumlar soni kamayganini esa u yigitlarning natijani saqlab qolish maqsadida himoyaga ko‘proq e’tibor qaratgani bilan izohladi.
U umumiy o‘yindan mamnunligini bildirib, tanlangan taktik yondoshuvni ma’qulladi: birinchi taymda zarur gollarni urib olib, keyingi bo‘limda natijani ushlab turish — musobaqa futbolining eng to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘i, deb ta’kidladi.
Oston O‘runovga bergan bahosida esa Irismetov unda yana katta salohiyat borligini qayd etdi. Jarohatdan keyin formasi to‘liq tiklanmaganiga qaramay, u ajoyib o‘yin namoyish etgani, formasini to‘la tiklaganda esa jahon chempionatida bundan ham kuchli o‘yin ko‘rsatishi mumkinligini bildirdi.
Fabio Kannavaroning terma jamoadagi izi bor-yo‘qligi haqidagi savolga javoban mutaxassis: “Albatta, Misrga qarshi o‘yinda muayyan jihatlar namoyon bo‘ldi. Himoyaviy taktika va qarshi hujumlar orqali raqibni hayratga soldik. Misr bunday o‘yinni kutmagan, shu bois biz ular uchun syurprizga aylandik”, — dedi.
Finalda yana Eron. Bu juftlikdan zerikmadingizmi, degan savolga Irismetov jiddiy munosabat bildirib, bu o‘yin juda qiziqarli kechishini, Eron qit’amizdagi eng kuchli jamoalardan biri ekanini, shunday raqibga qarshi o‘ynash faqat foyda berishini ta’kidladi. U Mashaaripovning tez orada tarkibga qaytishi ham jamoaga kuch bag‘ishlashini aytib o‘tdi.
Suhbat oxirida jurnalistlar orasida tarqalgan — Irismetovning kelasi mavsum “Navbahor”da ish boshlashi haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ham oydinlik kiritdi. U bunday gaplar har yili paydo bo‘lishini, ammo hozircha aniq taklif yo‘qligini ma’lum qildi. “Yaxshi jamoa shakllantirishga kuchimiz yetadi, qaysi klub bo‘lishidan qat’i nazar, ishlashdan to‘xtamaymiz”, — dedi u.
Final 18-noyabr kuni o‘tkaziladi. Terma jamoamiz bunday ishonchli o‘yinlari bilan finalda ham muxlislarni quvontira olishiga ishonch baland.
Al Ayn Kubogi, Milliy Jamoa, Oston Orunov, Fabio Kannavaro, Ja’far Irismetov