13:15 / 22.12.2025
1 495

Xo‘jaobodda bozor rastasi quladi, tadbirkor jarohat oldi

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida joylashgan buyum, ya’ni kiyim-kechak savdosi amalga oshiriladigan bozor hududida noxush hodisa qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 21 dekabr kuni taxminan soat 11:00 larda savdo rastalaridan biri qulagan.

Rasmiy manbalar bildirishicha, mazkur rasta tadbirkor tomonidan do‘kon oldi qismiga qo‘lbola tarzda o‘rnatilgan bo‘lib, belgilangan texnik va xavfsizlik talablariga javob bermagan. Shuningdek, konstruksiyaning yuqori qismiga me’yordan ortiq miqdorda og‘ir qishki kiyimlar ilib qo‘yilgani holatni yanada xavfli qilgan. Ortiqcha yuklama oqibatida rastaning barqarorligi yo‘qolib, u qulagan.

Hodisa natijasida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan bir nafar tadbirkor tan jarohati olgan. U zudlik bilan tibbiyot muassasasiga yetkazilib, zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda uning ahvoli qoniqarli, hayotiga xavf yo‘qligi ma’lum qilindi. Boshqa fuqarolar orasida jabrlanganlar aniqlanmagan.

Hozirda tegishli mutasaddilar tomonidan voqeaning barcha sabab va holatlari o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, bozor hududidagi savdo obyektlarining xavfsizlik talablariga mosligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi ham ta’kidlanmoqda. Bu kabi hodisalar kelgusida takrorlanmasligi uchun tadbirkorlardan belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilish so‘ralmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing