Centrum Air overbukingi yo‘lovchilarga qimmatga tushdi, kompensatsiya to‘landi

Centrum Air aviakompaniyasining overbuking amaliyoti sabab ikki nafar yo‘lovchi Istanbul–Namangan reysiga chiqolmay, Istanbul aeroportida qolib ketdi. Yuzaga kelgan holat Namangan viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 26 sentyabr kuni fuqaro aviakompaniyaning rasmiy veb-sayti orqali Istanbul–Namangan yo‘nalishi uchun ikki dona aviachipta xarid qilgan. Biroq parvoz kuni reysda joylar ortiqcha sotilgani sababli u va rafiqasi samolyotga chiqarilmagan va aeroportda qolib ketgan.
Faqat bir sutkadan keyin yo‘lovchilarga muqobil variant sifatida Istanbul–Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga qaytish taklif etilgan. Ular ushbu reys orqali mamlakatga yetib kelgan. Shundan so‘ng fuqaro o‘zining iste’molchi sifatidagi huquqlari buzilgani yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga rasmiy murojaat yo‘llagan.
Tekshiruv jarayonida aviakompaniya xatosini tan olgan va yo‘lovchi bilan kelishuvga erishilgan. Natijada jabrlangan tomonga 500 yevro miqdorida pul kompensatsiyasi hamda qo‘shimcha ravishda 865 ming so‘m to‘lab berildi.
Bundan tashqari, aviakompaniya keyingi parvozlar uchun 20 foizlik chegirma beruvchi promokod, 23 kilogramm qo‘shimcha bagajni bepul tashish huquqi va samolyotning old qatoridan joy tanlash imkoniyatini ham taqdim etdi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ko‘rilgan choralar natijasida yo‘lovchining iste’molchi sifatidagi huquqlari to‘liq tiklangan. Qisqasi, bu holat aviakompaniyalar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham muhim saboq bo‘ldi: bilet bor — joy kafolat degani emas, ammo huquqing bor — himoya bor.
Centrum Air, Istanbul aeroporti, Monopoliyaga qarshi, Iste’molchi huquqlari, Aviachipta muammosi