19:30 / 20.12.2025
4 066

Toshkentdagi eng baland yangi yil archasi o‘rnatildi

Toshkent shahrida bayram kayfiyati yanada avj oldi. Poytaxtdagi eng baland Yangi yil archasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi oldidagi katta maydonda qad rostladi. Bayram ramzi sifatida o‘rnatilgan ushbu archaning umumiy balandligi 35 metrni tashkil etadi va u shahar ahli hamda mehmonlar diqqatini darhol o‘ziga tortmoqda.

Archani bezash uchun jami 33 mingta turli rangdagi o‘yinchoqlar qo‘llanilgan. Uning eng yuqori nuqtasida esa yangi yil ruhini ifodalovchi ramziy yulduz joylashtirilgan. Kechqurun yoritish tizimi ishga tushganda, archa butun maydonni yorug‘likka burkab, haqiqiy bayram manzarasini yaratadi.

Asosiy bayram hududining umumiy maydoni 1,3 gektarni tashkil etib, u yerda sayr qilish, suratga tushish va bayramona dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, katta archaning atrofida balandligi 6 metrdan bo‘lgan yana to‘rtta qo‘shimcha archa ham o‘rnatilib, bayram muhitini yanada boyitib turibdi.

Yangi yil arafasida bu maydon poytaxt ahli uchun eng mashhur va serodam maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Qisqasi, Toshkent bu yil ham Yangi yilni katta shuko‘h, yorug‘lik va ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olishga tayyor


Toshkent shahri, Yangi yil, Alisher Navoiy, Milliy kutubxona, Bayram kayfiyati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing