12:20 / 14.12.2025
5 843

O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali do‘stlik ramziga aylandi

12 dekabr, juma kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahrida buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan haykalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’naviy ahamiyatga ega tadbir ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va tarixiy birlikning yana bir yorqin ifodasi sifatida baholandi.

Navoiy haykali O‘sh shahrining markaziy hududlaridan biri — Qurmandjan Datka va Navoiy ko‘chalari kesishgan nuqtada qad rostladi. Bu joy tasodifan tanlanmagan bo‘lib, shahar aholisi va mehmonlari uchun doimiy diqqat markazida bo‘ladigan hudud hisoblanadi.

Ayni paytda O‘sh shahrida Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi dam olish bog‘i, maktab va ko‘cha faoliyat yuritib kelmoqda. Bu esa buyuk mutafakkir merosiga bo‘lgan hurmat nafaqat ramziy, balki amaliy jihatdan ham namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Shahar hokimiyati vakillarining ta’kidlashicha, mazkur haykalning o‘rnatilishi Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va birodarlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, u umumiy madaniy qadriyatlar va tarixiy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi sifatida baholanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘sh shahrida Bobur nomidagi o‘zbek akademik teatri ham faoliyat olib boradi. U nafaqat Qirg‘iziston, balki O‘zbekiston uchun ham muhim madaniy maskan hisoblanib, ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlab kelmoqda.

Alisher Navoiy haykalining O‘sh shahrida qad rostlashi — bu faqat bir tarixiy shaxsga ehtirom emas, balki ikki xalqni bog‘lab turuvchi umumiy ildizlar va ma’naviy birlikka qo‘yilgan navbatdagi mustahkam qadamdir.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing