17:23 / 17.12.2025
3 335

Qo‘qonlik tabib Iqbol Saliyev qonunni buzgani uchun qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2025-yil 17-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, xalq tabobati bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Iqbol Saliyev ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Sud materiallariga ko‘ra, 1971-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan I. Saliyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59-5-moddasi 3-qismi — xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan.

Sud qarori bilan unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Shuningdek, tomonlarga birinchi instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi mavjudligi tushuntirilgan.

Ma’lumot uchun, Iqbol Saliyev avval ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Xususan, 2025-yil 10-yanvar kuni u mazkur kodeksning 59-5-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan edi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing