16:41 / 16.12.2025
8 186

Qo‘qonlik tabib Iqbol Saliyevga nisbatan ish yana kuchaytirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahrida faoliyat yuritib kelgan, xalq orasida «bio nur» sohibi sifatida tanilgan tabib Iqbol Saliyevga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, I.Saliyevning faoliyati qonuniyligi o‘rganilganida u «Xalq tabobati» yo‘nalishi bo‘yicha soliq organlarida 2020 yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgani aniqlangan. Biroq, uning O‘zbekiston xalq tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomasi 2024 yilning 21 dekabr kuni o‘z kuchini yo‘qotgani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli uning keyingi faoliyati qonun talablariga javob bermagan.

Ushbu holat asosida Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ishlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud qarori bilan 2025 yil 10 yanvar kuni Iqbol Saliyevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi 1-qismi — «Xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish» asosida 7,5 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolar o‘rtasida norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘lgani inobatga olinib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan rasmiy ravishda ogohlantirish ham berilgan.

Biroq shunga qaramasdan, I.Saliyev o‘z faoliyatini to‘xtatmagani, aksincha, ijtimoiy tarmoqlar orqali videoroliklar joylashtirishni davom ettirgani aniqlangan. Natijada joriy yilning 27 noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB tomonidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi 3-qismi bilan yangi ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur modda tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish, davolash xizmatlarini ko‘rsatish va bu xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni nazarda tutadi. Tayyorlangan hujjatlar belgilangan tartibda sud organlariga yuborilgan.

Hozirda ish yuzasidan yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu holat esa xalq tabobati sohasida faoliyat olib borayotgan shaxslar uchun qonun talablariga qat’iy amal qilish zarurligini yana bir bor eslatib qo‘ydi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing