21:35 / 19.12.2025
3 227

Finlyandiyada mol go‘shtining narxi ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Finlyandiyada mol go‘shti narxlari tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. So‘nggi bir yil davomida mol go‘shti tana go‘shtining ulgurji narxi taxminan 25 foizga oshgan. Bu haqda Azertadj nashri xabar bermoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, narxlarning keskin ko‘tarilishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, Yevropa bozorida mol go‘shtiga bo‘lgan talabning ortishi, Finlyandiyada mahalliy ishlab chiqarish hajmining qisqarishi hamda tirik qoramollarning xorijga eksport qilinishi vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

Go‘shtni qayta ishlash kompaniyalari Yevropa bo‘ylab qoramol tanqisligi sezilayotganini qayd etmoqda. Talab taklifdan ancha yuqori bo‘lib, Afrika, Turkiya va Yaqin Sharq mamlakatlaridan kelayotgan xaridorlar Finlyandiya qoramollari uchun yuqori narx taklif qilmoqda. Shu sababli, mahalliy qayta ishlovchilar qoramollarni mamlakatda ushlab qolish uchun eksportchilar bilan teng narxlarda to‘lashga majbur bo‘lyapti.

Narxlarning oshishi asta-sekin iste’molchilar hamyoniga ham ta’sir qila boshlagan. Iyul–sentyabr oylarida chakana mol go‘shti narxlari qariyb 14 foizga oshdi. Hozirda bir kilogramm qiyma mol go‘shti 10 yevrodan 15 yevrogacha sotilmoqda. Natijada, ayrim xaridorlar arzonroq bo‘lgan tovuq go‘shtiga o‘tishni boshlagan.

So‘rovlar natijasiga ko‘ra, agar mol go‘shti narxi kilogrammiga 20 yevroga yetadigan bo‘lsa, unga bo‘lgan talab keskin kamayishi mumkin.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing