Xabib Nurmagomedov Ummon taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Aralash yakkakurash olamining afsonasiga aylangan Xabib Nurmagomedov so‘nggi kunlarda Ummonda bo‘lib turgani va ushbu safar unda iliq taassurot qoldirganini ma’lum qildi. Mashhur sportchi o‘zining Telegram sahifasida mamlakat haqida qisqa, ammo samimiy fikrlarini qoldirdi.
«So‘nggi ikki kundan beri Ummondaman. Bu yer menga juda yoqdi. Imom-islomiy ruh, tinchlik va tartib darhol seziladi. Bu mamlakatga borishni har kimga tavsiya qilaman», — deya yozdi Xabib.
Ummon Xabibni nafaqat iqlimi va tabiati, balki umumiy muhiti bilan ham o‘ziga rom etgani sezilib turibdi. Mamlakatdagi sokin hayot tarzi, mehmondo‘stlik va islomiy qadriyatlar sportchining fikrlarida alohida aks etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Ummon Arabiston yarim orolida joylashgan islomiy davlat hisoblanadi. Uning poytaxti Maskat shahri bo‘lib, mamlakat aholisi taxminan 5,5 million nafarni tashkil qiladi. Ummon so‘nggi yillarda sayyohlar orasida ham tinchlik, xavfsizlik va madaniy boyliklari bilan mashhur yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda.
Xabib Nurmagomedovning bu so‘zlari esa Ummonga qiziqishni yanada oshirishi shubhasiz.