17:06 / 21.12.2025
1 590

Joshua nokautga qaramay qoniqmadi: uni g‘alaba ham quvontirmadi

Og‘ir vazn toifasida IBF, WBA, WBO va IBO kamarlariga egalik qilgan sobiq jahon chempioni Entoni Joshua Jeyk Pol ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin kutilmagan tarzda ochiq tanqid bilan chiqdi. Britaniyalik bokschi o‘z so‘zlarida natija borligini, ammo o‘zi istagan daraja umuman chiqmaganini yashirmadi.

Joshuaning ta’kidlashicha, bu jang unga qoniqish emas, aksincha, ko‘proq savollar qoldirgan. Uning fikricha, oltinchi raundda nokaut bilan yakunlangan bahs tashqi tomondan ishonchli ko‘ringan bo‘lishi mumkin, ammo ichki hissiyot boshqacha.

«Men ancha yaxshiroq jang qilishim kerak edi. Bu — g‘alaba, lekin muvaffaqiyat emas. Men ham, murabbiyim ham bundan ko‘prog‘ini kutgandik. Endi esa orqaga qaytishning iloji yo‘q. Vaqtni ortga surib bo‘lmaydi. Oldinga qarashim kerak», — dedi Joshua.

Uning so‘zlarida yana bir muhim jihat bor: Entoni bu jangni o‘z faoliyatidagi navbatdagi saboq sifatida qabul qilmoqda. U g‘alaba bilan “yashab qolish” niyati yo‘qligini ochiq aytdi va o‘z ustida ishlash zarurligini ta’kidladi.

«O‘rganishim kerak bo‘lgan juda ko‘p jihatlar bor. Shuning uchun rostini aytsam, men hursand emasman», — deya xulosa qildi u.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda bo‘lib o‘tgan boks oqshomida Entoni Joshua WBA reytingida 14-o‘rinda turgan bloger-bokschi Jeyk Polni oltinchi raundda nokautga uchratgan edi. Biroq bu g‘alaba tajribali chempion uchun yangi maqtanch emas, balki yangi bosqich oldidan jiddiy ogohlantirish bo‘lib chiqdi.


Entoni Joshua, Jeyk Pol, Og‘ir vazn, Boks janglari, Jahon chempioni
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing