14:54 / 21.12.2025
3 294

Limonga o‘xshash sirli sayyora olimlarni hayratga soldi

Olimlar kosmosda shakli limonni eslatuvchi g‘ayrioddiy ekzosayyorani aniqladi. Ilmiy dunyoda katta qiziqish uyg‘otgan ushbu obyekt PSR J2322–2650b deb nomlanib, u James Webb kosmik teleskopi orqali kuzatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, sayyora hajmi jihatidan Yupiterga yaqin, ammo tashqi ko‘rinishi mutlaqo boshqacha. U kuchli gravitatsiya ta’sirida cho‘zilib, limonsimon shaklga kelgan. Mutaxassislar bunday deformatsiyaga sayyora aylanib yurgan obyekt — pulsarning o‘ta kuchli tortish kuchi sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Eng qizig‘i, PSR J2322–2650b oddiy yulduz emas, balki neytron yulduz atrofida harakatlanadi. U pulsarga juda yaqin — taxminan 1,6 million kilometr masofada joylashgan bo‘lib, bir aylanishni atigi 7,8 soatda amalga oshiradi. Bu esa sayyorani doimiy ravishda kuchli nurlanish ta’siri ostida qoldiradi.

Tadqiqotlar sayyora atmosferasi ham o‘ta noodatiy ekanini ko‘rsatdi: unda uglerod ko‘p, ammo suv, metan va karbonat angidrid deyarli uchramaydi. Olimlar bunday tarkib hozirgacha hech bir ekzosayyorada kuzatilmaganini ta’kidlamoqda.

Qisqasi, PSR J2322–2650b — nafaqat shakli, balki kelib chiqishi va tarkibi bilan ham kosmosdagi eng sirli obyektlardan biriga aylandi. Bu kashfiyot esa koinot haqidagi tasavvurlarimizga yana bir savol belgisini qo‘shdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing