Serbiya va Xorvatiyada o‘zbek migrantlari muammolarga uchramoqda

Vengriyadagi O‘zbekiston elchixonasi ma’lum qilishicha, Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbek mehnat migrantlari tomonidan murojaatlar soni oshib bormoqda. Eng ko‘p uchrayotgan muammolar qatoriga oylik maoshlarning tizimli ravishda to‘lanmasligi yoki kechiktirilishi, shuningdek, ish uchun ruxsatnomalar olishdagi qiyinchiliklar kiradi.
Bu holatlar, asosan, noqonuniy vositachilar orqali ishga joylashish bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Mazkur davlatlarda avvaldan to‘langan xizmatlar uchun qayta haq talab qilish, qo‘shimcha to‘lovlarni rad etganda deportatsiya bilan tahdid qilish, shuningdek, kutilmaganda ishdan bo‘shatish holatlari ham qayd etilgan.
Elchixona fuqarolarga xorijda ishlash uchun faqat litsenziyalangan bandlik agentliklari orqali chiqishni, ish uchun turistik yoki mehmon vizalaridan foydalanmaslikni qat’iy tavsiya etadi. Diplomatik vakolatxona bunday qoidabuzarliklar Shengen hududiga kirish uchun besh yilgacha taqiq qo‘yilishi va deportatsiyaga olib kelishi mumkinligini eslatdi.
Elchixona shuningdek, fuqarolarga mehnat shartnomalarini imzolashdan oldin diqqat bilan o‘rganishni va muammolar yuzaga kelganda darhol konsullik bo‘limiga murojaat qilishni tavsiya qildi. Diplomatlar faqat qonuniy mehnat faoliyati o‘zbek fuqarolarining huquq va manfaatlarini xorijda chinakam himoya qilishni ta’minlashini ta’kidladilar.