18:47 / 11.12.2025
1 520

G‘azo Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun yetakchilar yaqinda tanlanadi

AQSH prezidenti Donald Tramp 2026 yilning yanvarida G‘azo Tinchlik kengashiga jahonning yetakchi mamlakatlaridan kimlar a’zo bo‘lishini aniqlash va e’lon qilish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Tramp 2025 yil 9 dekabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zlab, G‘azo sulhi doirasida tashkil etilgan ushbu kengashga jahon yetakchilari qo‘shilishga qiziqish bildirganini ta’kidladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, jahonning ko‘plab qirollari, prezidentlari va bosh vazirlari ushbu Tinchlik kengashida a’zo bo‘lishni xohlamoqda. U o‘z nutqida shunday dedi: «Bu tarixdagi eng afsonaviy kengashlardan biri bo‘ladi. Hamma unda bo‘lishni istayapti.»

BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 2025 yil 17 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiyada Tinchlik kengashi va unga a’zo davlatlarga Xalqaro Barqarorlashtirish kuchlarini tuzish va G‘azoga joylashtirishga ruxsat berilgan. Tinchlik kengashi G‘azoni qayta tiklash va rivojlanish yo‘nalishini belgilashda katta rol o‘ynaydi.

Shuningdek, rezolyutsiyada Tinchlik kengashi faoliyati “Falastin ma’muriyati o‘zining islohot dasturini yetarli darajada yakunlab, G‘azoni xavfsiz va samarali tarzda qayta nazoratiga ola oladigan vaqtga qadar” davom etishi ta’kidlangan.

Hozirda xalqaro vositachilar ko‘magi bilan Isroil va Hamas o‘rtasidagi tinchlik jarayoni amalga oshirilayotgan bo‘lib, sulhning ikkinchi bosqichi, Hamasning G‘azoda qolgan so‘nggi jasadlarni topib, qaytarganidan keyin boshlanishi kutilmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing