17:30 / 11.12.2025
2 306

Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi inqirozga yuz tutdi

Hindistonning eng yirik aviakompaniyasi IndiGo operatsion inqirozga duch keldi. Dekabr oyining boshlarida kompaniya minglab reyslarni bekor qildi va kechiktirdi, bu aviatsiya tarmog‘ini ishlashida uzilishlarni keltirib chiqardi va kompaniyaning obro‘si hamda moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

2–3 dekabr kunlari boshlangan ushbu inqiroz Hindiston fuqarolik aviatsiyasi tarixidagi eng jiddiy voqealardan biri bo‘ldi. Hindiston OAVlariga ko‘ra, dekabr boshidan buyon kompaniya ichki tarmoqda 3 400 dan 4 000 gacha reysni bekor qilgan, shundan 5 dekabrda faqatgina 1 000 dan ortiq reys amalga oshirilmagan.

Buning oqibatida mamlakatning turli aeroportlarida o‘n minglab yo‘lovchilar aloqa, ma’lumot va o‘z vaqtida yordam ololmay qolishdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu inqiroz yangi qoidalar asosida ish grafiklarini qayta tashkil etishga ulgurilmaganligi sababli yuzaga kelgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, uchuvchilar va ekipajlar uchun majburiy dam olish vaqti oshirildi hamda kechki smenalar soni kamaytirildi. Natijada, arzon aviaxizmat ko‘rsatuvchi kompaniyada reyslarni jadval bo‘yicha bajarish uchun yetarli xodimlar qolmadi.

Ushbu uzilishlar Dehli, Mumbay, Bangalor, Haydarabod, Chennay kabi yirik aviatsiya markazlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Yo‘lovchilar xizmat ko‘rsatish stollari va terminal zonalarida uzoq navbatlarda kutishga majbur bo‘lishdi.

Fuqarolik aviatsiyasi regulyatori DGCA kompaniyani nazorat qilishni kuchaytirib, IndiGo shtab-kvartirasiga inspektorlarini yubordi va parvozlarni tiklash jarayonini kunlik monitoring qilishni yo‘lga qo‘ydi. DGCA, shuningdek, kadrlar ta’minoti, ekipajlarning ishlatilishi hamda xavfsizlik standartlariga rioya qilinishini kuzatish uchun maxsus nazorat jamoasini tuzdi.

Hukumat IndiGo aviakompaniyasiga tegishli qishki jadvalni 10 foizga qisqartirishni buyurdi va qoidabuzarliklar uchun qat’iy choralar ko‘rilishini ogohlantirdi. IndiGo bosh direktori Piter Elbers yo‘lovchilardan "jiddiy operatsion uzilishlar" uchun uzr so‘radi.

U kompaniya barqaror jadvalni qayta tiklash ustida ishlayotganini va regulyator bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inqiroz qasddan yuzaga kelmagan va ekipajlar ishining yangi qoidalarga o‘tishdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lgan.

Kompaniya yo‘lovchilarga yetkazilgan noqulayliklar uchun 10 000 rupiy (taxminan 110 AQSH dollari) miqdorida vaucher berilishini e’lon qildi. 11 dekabr kuni aviakompaniya vaziyat asta-sekin normallashayotganini ma’lum qildi.

9-dekabrdan boshlab operatsiyalar barqarorlashgan. Kompaniya barqarorlik tiklanganidan so‘ng kuniga 1 950 dan ortiq reyslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

2025 yilning avgust oyida IndiGo Toshkentdan Mumbayga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygan edi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing