Qozog‘istonning 11 shahrida havo keskin ifloslanmoqda — sabab nima?

Qo‘shni Qozog‘istonda havo sifati tez sur’atlar bilan yomonlashmoqda. Bu haqda mamlakatning asosiy ekologik xizmati — “Kazgidromet” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 17 noyabr kuni mamlakatning 11 shahrida havo tarkibidagi zararli moddalar me’yordan oshishi mumkin. Ular orasida Olmaota, Ostona, Atirau, Oqtobe, Chimkent, Qarag‘anda, Jezqazg‘an, Temirtov, Balxash, O‘skemen va Ridder shaharlari bor.
Meteorologlar vaziyatni shamolning sustligi, tuman va atmosfera inversiyasi bilan izohlamoqda. Bunday holatlarda havodagi zararli gazlar va changi zarralar tarqalmay, yer sathiga yaqinda to‘planib qoladi, natijada nafas olish qiyinlashadi.
Mutaxassislar aholiga ochiq havoda kamroq yurishni, ayniqsa avtomobil yo‘llaridan uzoqroq bo‘lishni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, o‘pka kasalliklari, allergiya yoki yurak-qon tomir muammolari bo‘lgan shaxslarga o‘zlari bilan dori vositalarini olib yurish tavsiya etilgan.
Ekologlar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Olmaota, Qarag‘anda va Temirtov shaharlari Qozog‘istonda eng iflos havoli hududlar sifatida qayd etib kelinmoqda. Qish mavsumining boshlanishi va havo harakatining pasayishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.