12:49 / 17.11.2025
2 470

Tramp Rossiya savdo hamkorlariga sanksiyalar bilan tahdid qildi


AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning savdo hamkorlariga qarshi sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ustida Respublikachilar partiyasi vakillari ishlayotganini ma'lum qildi. “Men bu haqda xabar topdim va bu ish meni qoniqtiradi.

Respublikachilar juda kuchli qonun loyihasini ilgari surmoqda”, — dedi Oq uy rahbari. Trampning aytishicha, ushbu hujjatga Eron ham kiritilishi rejalashtirilgan.

Rossiya savdo hamkorlariga 500 foizlik bojlar joriy etish tashabbusini bu yil bahorda senatorlar Lindsi Grexem va Richard Blyumental ilgari surgan edi. Yozda Grexem AQSh prezidenti bu bojlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Ammo keyinchalik Tramp 500 foizlik bojlarning ahamiyati yo‘qligini, 100 foiz yig‘im yetarli ekanini ta'kidladi. Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.

2025 yilning to‘qqiz oyi mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 9,4 milliard dollardan oshgan, o‘tgan yili esa shu davrda 8,6 milliard dollarni tashkil etgan edi. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo hajmi 719,1 million dollarni tashkil qilgan, o‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 681 million dollarni tashkil etgan.

Eron bilan savdo hajmi esa mos ravishda 393,3 million va 359,1 million dollarni tashkil qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing