
Innovatsiyaga yo‘naltirilgan sarmoya bugun global raqobatda eng katta ustunlikka aylanmoqda. 2025-yil holatiga ko‘ra Interesting Engineering dunyodagi eng “aqlli” deb baholangan yettita shahar ro‘yxatini e’lon qildi. Reyting Jahon intellektual mulk tashkilotining Global innovatsiyalar indeksiga tayanib, San-Fransiskodan Shenchjengacha bo‘lgan yuzta texnologiya markazini qamrab oladi. Bu hududlar dunyodagi barcha patent va venchur sarmoyalarining 70 foizidan ortig‘ini birlashtiradi, deb xabar berdi nashr.
1.Syurix (Shveysariya)
Syurixning “aqlli shahar” sifatidagi muvaffaqiyati 2018-yilda ishga tushgan Smart City Zürich strategiyasiga tayanadi. Raqamli ekotizim transport, energetika va infratuzilmani birlashtirib, ZVV ilovasi orqali avtobus, poyezd va elektr samokatlarni yagona tarmoqqa ulashga yordam beradi. Korxonalardan chiqadigan issiqlik resurs sifatida qayta ishlatilishi esa shaharning barqaror modelini yaratishga xizmat qilmoqda.
2.Oslo (Norvegiya)
Oslo 2019-yildan beri ekologik va inklyuziv rivojlanish bo‘yicha AAA bahosini saqlab, “Yevropaning yashil poytaxti” sifatida tan olingan. Shahar energiyaning 60 foizini gidroelektr manbalar orqali qamrab oladi. Oslo Toll Ring tizimi chiqindisi past transportni rag‘batlantirib, yig‘imlarni to‘liq “yashil” loyihalarga yo‘naltiradi.
3.Jeneva (Shveysariya)
Jeneva qaytadan AAA reytingiga ega bo‘lib, Smart Canton dasturi doirasida raqamli infratuzilmani chuqur modernizatsiya qilmoqda. LoRaWAN tarmog‘i orqali ekologik ko‘rsatkichlar monitoringi va energiya samaradorligini oshirish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Shahar ta’lim, ishtirokchilik va yashil hududlar bo‘yicha ham yetakchilar qatorida.
4.Dubay (BAA)
Dubay 2025 yilgi Smart City indeksida 12-o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib, jadal o‘zgarishga erishdi. Shahar sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar orqali “eng baxtli va eng aqlli shahar” darajasiga erishishni maqsad qiladi. DEWA Smart Grid va Dubai Silicon Oasis kabi loyihalar energetik samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
5.Abu Dabi (BAA)
Abu Dabi o‘ninchi o‘rindan beshinchi o‘ringa ko‘tarilib, mintaqaning innovatsion markaziga aylandi. 2024-yilda ishga tushirilgan Zayed Smart City loyihasi sun’iy intellekt asosida shahar boshqaruvini optimallashtiradi. Elektromobillar, gibridlar va zaryadlash tarmog‘i Barqaror energetika strategiyasiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
6.London (Buyuk Britaniya)
London barqaror shahar rivojida congestion charge, kontaktsiz to‘lovlar va past emissiyali zonalar kabi tashabbuslar bilan ilgarilagan. 2025-yilga qadar metroda 4G va 5G to‘liq qamrovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
7.Kopengagen (Daniya)
Kopengagen 2025 yilgi reytingida yettinchi o‘rinni egallab, 2009-yilda belgilangan — dunyodagi birinchi ugleroddan xoli shaharga aylanish maqsadiga yaqinlashmoqda. Aholining 62 foizi har kuni 400 km velosiped yo‘laklaridan foydalanishi shaharning barqarorlik madaniyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Global Innovatsiya, Aqlli Shaharlar, Barqaror Rivojlanish, Sun'iy Intellekt, Raqamli Texnologiyalar