22:48 / 21.12.2025
3 297

«Barselona» "Vilyarreal" ustidan ishonchli hisobda g‘alaba qozondi

La Liganing 17-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Vilyarreal» — «Barselona» uchrashuvi kataloniyaliklar uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Safarda maydonga tushgan «ko‘k-anorranglilar» raqib ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, navbatdagi muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Bellashuvning ilk daqiqalaridanoq «Barselona» o‘yin nazoratini qo‘lga oldi. 12-daqiqada jamoa yetakchilaridan biri Rafinya penalti zarbasini aniq ijro etib, hisobni ochdi. Ushbu gol mehmonlarga ishonch bag‘ishladi va o‘yin sur’atini o‘z foydasiga burish imkonini berdi.

Birinch taym davomida «Vilyarreal» vaziyatni tenglashtirishga urinib ko‘rdi, ammo 39-daqiqada maydon egalari jiddiy yo‘qotishga uchradi. Renato Veyga qoidabuzarlik uchun qizil kartochka olib, jamoasini kam sonda qoldirdi. Bu holat uchrashuv taqdiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘limda Xansi Flik shogirdlari son jihatdan ustunlikdan oqilona foydalandi. 63-daqiqada yosh iqtidor Lamin Yamal jamoaviy hujumni aniq zarba bilan yakunlab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Shundan so‘ng «Barselona» o‘yinni xotirjam nazorat qildi va raqibga jiddiy imkoniyat qoldirmadi.

Vilyarreal – Barselona 0:2

Gollar: Rafinya 12 pen, Yamal 63

Vilyarreal – Luis Junior, Navarro, Marin, Veyga, Kardona, Buchanan, Komesanya, Parexo, Moleyro, Pepe, Peres (Mikautadze, 65).

Barselona – Joan Garsiya, Kunde (Kasado, 79), Kubarsi, Jerar Martin, Balde, Erik Garsiya (Bernal, 66), Fermin Lopes (Reshford, 63), De Yong, Yamal, Rafinya, Ferran (Levandovski, 62)

Ogohlantirishlar: Bushanan 73 – Erik Garsiya 58

Chetlatish: Veyga 39

Ushbu g‘alabadan keyin «Barselona» jamg‘argan ochkolari soni 46 taga yetdi va jamoa La Liga turnir jadvalida peshqadam sifatida o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Kataloniyaliklar barqaror o‘yini va natijadorligi bilan chempionlikka jiddiy da’vogar ekanini yana bir bor isbotladi.


La Liga, Vilyarreal Barselona, Rafinya Yamal, Renato Veyga, Xansi Flik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing