
18 dekabr kuni Saudiya Arabistonining ayrim hududlarida kutilmagan va kam uchraydigan tabiiy hodisa — qor yog‘ishi kuzatildi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, qor mamlakatning asosan shimoli-g‘arbiy hamda markaziy hududlarida yog‘gan. Mahalliy OAV Ar-Riyod shahri va uning atrofidagi qor yog‘ishini “juda kam uchraydigan voqea” sifatida baholagan. Al Arabiya telekanali esa ushbu holatni “tarixiy hodisa” deb atab, taxminan 30-yil davomida bunday ob-havo kuzatilmaganini ta’kidlagan.
Qor yog‘ishidan oldin sinoptiklar mamlakat bo‘ylab havo harorati keskin pasayishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Shuningdek, ayrim hududlarda do‘l, kuchli yomg‘ir va momaqaldiroq sababli qizil va to‘q sariq darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilingan.

Nashrlarda qayd etilishicha, ayni paytda qator arab davlatlarida sovuq havo oqimlari ta’sirida kuchli yomg‘irlar yog‘moqda. Mutaxassislar bu holatni mavsumiy emas, balki noodatiy iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘lamoqda.