Osiyo futbolida yangi davr: OFK Millatlar ligasi tashkil etiladimi?

Osiyo futbol konfederatsiyasi yaqin kelajakda qit’a futboli xaritasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi musobaqa — OFK Millatlar ligasi tashkil etilishini rasman ma’lum qildi. Hozircha turnirning barcha mayda-chuyda tafsilotlari ochiqlanmagan bo‘lsa-da, dastlabki signallar juda qiziq.
Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, yangi musobaqa Yevropa tajribasiga yaqin, ya’ni UEFA Millatlar ligasi uslubida o‘tkazilishi mumkin. Bunda Osiyo terma jamoalari o‘z reytinglariga qarab divizionlarga bo‘linadi. Har bir jamoa o‘z darajasida raqobat qiladi, yuqori divizionga ko‘tarilish va muhim musobaqalarga, jumladan Osiyo Kubogiga yo‘llanma olish uchun kurashadi.
Bu tizimning eng katta yutug‘i — imkoniyatlar tengligi. Ya’ni, kuchli jamoalar doimiy ravishda yuqori darajadagi bahslarda ishtirok etsa, nisbatan kuchsiz termalar ham o‘z saviyasida xalqaro o‘yinlar o‘tkazib, tajriba to‘plash imkoniga ega bo‘ladi. Qisqasi, «fon» o‘yinlar kamayadi, mazmun esa ortadi.
OFK Bosh kotibi Uindzor Jonning ta’kidlashicha, ushbu turnir milliy terma jamoalar uchun aniq taqvim, yuqori sifatli uchrashuvlar va real sport rag‘batlarini taqdim etadi. Shuningdek, yangi format muxlislar hamda tijoriy hamkorlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otayotgani qayd etilgan.
Hozircha musobaqaning aniq formati va start sanasi sir saqlanmoqda. Biroq bitta narsa aniq: Osiyo futboli zerikarli bo‘lmaydi. Yangi turnir — yangi intriga, yangi raqobat va yangi orzular degani.
Osiyo futboli, OFK Millatlar ligasi, Yevropa tajribasi, Osiyo Kubogi, Imkoniyatlar tengligi