01:35 / 19.12.2025
1 889

Uch yil avval Messi jahon chempionligi kubogini ko'targandi


Bundan roppa-rosa uch yil avval, 2022 yil 18 dekabr kuni futbol bo'yicha jahon chempionati finali bo'lib o'tgandi. Qatardagi hal qiluvchi uchrashuvda Fransiya va Argentina terma jamoalari to'qnash kelgan.

Fransuzlar ketma-ket ikkinchi mundialni yutish niyatida maydonga tushgan edi. Birinchi bo'limdan so'ng Argentina 2:0 hisobida oldinda borardi: Lionel Messi va Anxel Di Mariya gol mualliflariga aylangan.

Ikkinchi bo'lim yakuniga yaqin esa Fransiya kambek amalga oshirdi — 80 va 81-daqiqalarda Kilian Mbappe ketma-ket ikki bor aniq zarba berib, hisobni tenglashtirdi. Qo'shimcha bo'limlarda ham jamoalar gol almashdi: Messining goli va Mbappening javob to'pi o'yinni penaltilar seriyasiga olib keldi.

11 metrliklar bahsida omad Argentina tomonida bo'ldi. "Albiseleste" tarixda uchinchi bor jahon chempioni bo'ldi va 1986 yildan beri ilk marta bu unvonga ega chiqdi.

O'sha oqshom Lionel Messi jahon chempionati kubogini boshi uzra ko'targan edi. "Bu kunda" rukni

Lionel Messi, Jahon chempionati, Argentina terma, Fransiya jamoasi, Qatardagi final
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing