03:14 / 16.12.2025
6 274

Manchester Yunayted va Bornmut sakkiz golli durang o'ynadi


Manchester Yunayted navbatdagi uchrashuvda ham barqarorlik muammosini bartaraf eta olmadi. Bir qator muvaffaqiyatli o'yinlardan so'ng “qizil iblislar” Old Traffordda deyarli ikki oydan beri g'alaba qozonmay kelayotgan Bornmutni qabul qildi va 4:4 hisobida durang qayd etildi.

13-daqiqada mezbonlar chiroyli hujum uyushtirdi: Amad Diallo hujumni boshlab, to'pni Kazemiroga uzatdi. Chap qanotdan uzatilgan to'p Mateus Kunyaga yetib bormadi, biroq Diallo yaqin masofadan bosh bilan darvozani ishg'ol qildi — 1:0.

O'yin davomida Kunyaning o'ng qanotdan jarima maydoni markaziga qilgan uzatmasidan so'ng Brayen Mbeumo havodan zarba berdi, ammo to'p darvoza to'sinidan yuqoriga ketdi. 40-daqiqada Bornmut qarshi hujumda hisobni tenglashtirdi: Antuan Semenyo o'ng qanotda to'pni qabul qilib, 3 ga 2 vaziyatda uzoq burchakka aniq zarba yo'lladi — 1:1.

Tanaffus oldidan burchakdan uzatmada Kazemiro himoyachi bilan kurashda bosh bilan to'pni darvozaning yaqin qismiga yo'naltirib, Manchester Yunaytedni yana oldinga olib chiqdi — 2:1. Ikkinchi bo'lim boshlanishi bilan Evanilson jarima maydoni chizig'ida uzatma qabul qildi va aniq zarbasi bilan muvozanatni tikladi — 2:2.

52-daqiqada esa Markus Taverne 20 metrdan jarima zarbasini pastdan chap burchakka kuchli yo'llab, Bornmutni oldinga olib chiqdi — 2:3. 77-daqiqada Bruno Fernandesh 22 metrlar atrofidan jarima zarbasini o'ng yuqori burchakka ajoyib yo'naltirib, hisobni tenglashtirdi — 3:3.

Oradan ikki daqiqa o'tib, Manchester Yunaytedning tezkor hujumida Benyamin Sheshko chap qanotdan jarima maydoniga pas uzatdi, to'p himoyachidan rikoshet qilib Kunyaga kelib tushdi va u 10 metrdan burchakka aniq zarba berdi — 4:3. Biroq Bornmut tezda javob qaytardi: Aleks Ximenes uzatmasidan so'ng Eli Junior Krupi o'rta masofadan chap tomonga aniq tepib, yakuniy hisobni o'rnatdi — 4:4.

Ushbu durangdan keyin Manchester Yunayted 5-o'rinda borgan Kristal Pelas va Liverpul bilan ochkolar bo'yicha tenglashdi. Bornmut esa 13-o'rinda qoldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing