14:27 / 15.12.2025
1 514

Kornauxov: Xabi Alonso “Real”da bosim ostida qoldi

Rossiyaning SSKA klubi sobiq futbolchisi Oleg Kornauxov Madridning “Real” jamoasida bosh murabbiy Xabi Alonso atrofida shakllangan murakkab vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi natijalar va jamoa ichidagi muhit ispaniyalik mutaxassis uchun jiddiy sinov bo‘lib turibdi.

Kornauxovning aytishicha, Xabi Alonso “Real”da to‘liq qayta qurish jarayonini boshlashga harakat qilyapti. U jamoadagi barcha yulduz futbolchilarni yagona tizimga bo‘ysundirishni maqsad qilgan. Buni Alonso avvalroq “Bayer”da ishlagan paytida muvaffaqiyatli uddalay olgan edi.

— U Leverkuzenda qilgan ishini Madridda ham takrorlayman, deb o‘yladi. Chunki bu yerdagi futbolchilar darajasi yanada yuqori, — deydi Kornauxov.

Biroq hozirgi paytda “Real”da qayta qurish jarayoni davom etmoqda, jamoada jarohatlar ko‘paygan, qolaversa, bu klubda eng kichik omadsizlik ham darhol kuchli bosimga aylanadi. Bu esa har qanday murabbiy uchun oson emas.

Kornauxov Xabi Alonsoning tajribasiga ham alohida urg‘u berdi. U futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham katta yo‘lni bosib o‘tgan, chempionliklarni ko‘rgan inson. Shu bois hozirgi qiyin vaziyatga qaramay, hali hech narsa yo‘qotilmaganini ta’kidladi.

— “Real” peshqadamdan atigi to‘rt ochko ortda qolyapti, xolos. Shuning uchun hali barchasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoni bor, — dedi u.

Yakunda Kornauxov Xabi Alonsoning bosh murabbiy sifatida bu bosimlarga chidamli bo‘lib, o‘z orzu qilgan jamoasini qurish uchun yetarli yechim topishiga umid bildirdi. Madridda esa barcha qarorlar tez natija bilan o‘lchanishini hisobga olsak, Alonsoni oldinda yana jiddiy sinovlar kutmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing